Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirish bilan Milliy gvardiyaga voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ma’muriy jazo qo‘llash vakolati berildi.

Hujjat bilan Milliy gvardiyaning Bolalar bilan ishlash boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘linmalari harbiy xizmatchilari va xodimlarining ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda ma’muriy jazo choralarini qo‘llashga doir vakolatlari belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Senatning 25-yanvardagi uchinchi yalpi majlisida “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi O‘zbekiston qonuni muhokama qilingandi.

Majlisda qayd etilishicha, Milliy gvardiyaning inspektor-psixologlari fevral oyidan hozirgi kunga qadar 44 450 ta Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni aniqlab, ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari orqali ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishini ta’minlagan hamda ota-onalar tomonidan farzandlarini maktabga yubormaslik holatlari bo‘yicha 175 mingga yaqin ogohlantirish xatlari yozilgan.

Bugungi kunda 1 nafar inspektor-psixologga maktablardagi bola sonidan kelib chiqib 3 tadan 10 tagacha maktab to‘g‘ri kelmoqda. 2025-yil boshida maktablardagi o‘quvchilarning darslarda ishtirok etish davomatlari 50 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirga kelib bu ko‘rsatkich 95 — 99 foizni tashkil etmoqda.

Milliy gvardiya maktabga qanday kelib qoldi?

Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 5-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 2023-yili voyaga yetmaganlar 3,5 ming jinoyat sodir etgani, 50 ming nafar bola muntazam ravishda maktabga bormayotganini aytgandi.

“Nima uchun hokimlar har haftada bitta maktabga borib, o‘quvchilarning sharoiti va tarbiyasi bilan shug‘ullanmaydi? Axir Bolalar masalasi bo‘yicha milliy komissiyaga hokimlar mas’ul emasmi? Maktablardagi 2000 ta inspektor-psixolog shtati Ichki ishlar [vazirligi]dan Milliy gvardiya o‘tkaziladi. Jo‘rayev (Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev — tahr.) ikki oy muddatda o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash orqali ularda “huquqbuzarliklarga qarshi immunitet”ni yaratish bo‘yicha tizim qiladi”, — degandi davlat rahbari.

Prezident Rustam Jo‘rayevga maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova bilan birgalikda “eng og‘ir 1000 ta maktablarda davomatni yaxshilash tajribasini joriy etish” bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, Milliy gvardiya boshqa vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, kasbga yo‘naltirish, tarbiyalash bo‘yicha ota-onalar, mahalla faollari bilan hamkorlikda ish olib borish tizimini yaratish ustida ishlaydi.

“Tarbiyasi va o‘qishida muammo bo‘lgan o‘quvchilarning ota-onalari va mahalla faollari bilan shug‘ullanib, muammolarni yechishga qaratilgan aniq choralar ko‘radi. Agar maktabning ichiga butun xalq, butun jamoat bilan kirmasak, natija bo‘lmaydi”, — degandi Shavkat Mirziyoyev.

“Gazeta.uz” avvalroq, inspektor-psixolog o‘zi kimligi, uning vazifalari nimalardan iborat ekani haqida Milliy gvardiya markaziy devoni boshqarma boshlig‘i Zafar Alimov bilan xodimlarning mavjud vakolatlari haqida suhbatlashgandi.