Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga oktabrga qadar qator davlat xizmatlarini xususiy sektorga berishni topshirdi. U bu haqda juma kuni xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida gapirdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, so‘nggi uch yilda 27 turdagi davlat xizmatlari xususiy sektorga berilgan. Xususan, tibbiyot, aviatsiya va energetikada xususiy sektor ishtirokidagi loyihalar 20 mlrd dollardan oshgan.

Lekin davlat rahbari ichimlik suvi, kanalizatsiya va yo‘l qurilishida bunday loyihalar deyarli yo‘qligini ko‘rsatib o‘tdi, vazirliklarda ham bu yo‘nalishda hali qilinadigan ishlar juda ko‘pligini ta’kidladi.

Masalan, Davaktiv agentligi riyeltor va baholovchini imtihondan o‘tkazish, toifa berishni, Turizm qo‘mitasi gidlarga malaka sertifikati berish xizmatini, Agrosanoat inspeksiyasi qishloq xo‘jaligi va maxsus texnikalarni majburiy ko‘rikdan o‘tkazishni xususiy sektorga berishi mumkin. Boshqa vazirlik va idoralarda ham tadbirkorlar bemalol qila oladigan xizmatlar juda ko‘p.

“Sharoit yaratib berilsa, 1 mlrd dollar sarmoya kiritib, 10 mingta ish o‘rni qilaman, degan mahalliy tadbirkorlar juda ko‘p”, — dedi u.

Mirziyoyev mutasaddilarga 1-martga qadar 11 ta, 1-oktabrgacha yana 18 ta davlat xizmatini xususiy sektorga berish choralarini ko‘rishni buyurdi.

Har bir vazirlikka o‘z tizimidagi qaysi xizmatni xususiy sektorga, jumladan, autsorsingga berish va yangi xizmatlarni joriy qilish mumkinligi bo‘yicha taklif tayyorlash topshirildi. Bu borada Raqobat qo‘mitasining mas’uliyati belgilandi.

Tadbirkorlarda yer uchastkalari va davlat mulkini ijaraga olish yoki xususiylashtirish shartlari bo‘yicha savollar ko‘pligi bois, bu borada ochiq, shaffof, manfaatli shartlarni ishlab chiqish va e’lon qilish vazifasi qo‘yildi.

Prezidentning Nukusdagi tadbirkorlar bilan muloqoti yakunlari bo‘yicha qabul qilingan farmonida ayrim hududlaridagi elektr tarmoqlari boshqaruvi xususiy operatorga o‘tkazilishi rejalashtirilgandi.

Shuningdek, Migratsiya agentligi 2026-yilgacha fuqarolarni xorijga yuborish va ishga joylashtirish bilan bog‘liq funksiyalarini xususiy bandlik agentliklariga o‘tkazishi xabar qilingandi.