Bundan taxminan 200 yil oldin fransuz iqtisodchisi va jurnalisti Frederik Bastia sham (umuman yoritish maqsadida ishlatiladigan barcha narsalar) ishlab chiqaruvchilari nomidan mamlakat parlamenti deputatlariga petitsiya yozadi.
Bu petitsiya o‘sha davrda Fransiya rahbariyati tomonidan olib borilgan proteksionistik savdo siyosatining naqadar be’maniligini ochib bergani bilan mashhur va hozir ham iqtisodiyot darsliklarida eslatib o‘tiladi.
Bastia o‘sha davr deputatlarining qarashlarini aks ettirib, petitsiyasini shunday so‘zlar bilan boshlagan:
“Siz to‘g‘ri yo‘ldasiz: mavhum nazariyalarni rad etasiz; mo‘l-ko‘lchilik va arzonchilik sizni unchalik qiziqtirmaydi. Siz o‘zingiz chet elliklarning raqobatidan butunlay xalos qilishga intilayotgan ishlab chiqaruvchining manfaatlari asiriga aylangansiz. Bir so‘z bilan aytganda, siz mahalliy bozor mahalliy ishchi kuchi uchun bo‘lishini ta’minlamoqchisiz”.
Bastia deputatlarga bu maqsadlarga mos keluvchi bir taklif beradi va uning taklifini hazilga yo‘ymasliklarini so‘raydi.
“Biz sizga o‘z nazariyangizni qo‘llash uchun ajoyib taklif olib keldik. Lekin, shoshmang, buni nima deb atasak to‘g‘riroq bo‘larkin? Sizning nazariyangiz? Yo‘q, siz uchun nazariyadan ko‘ra aldamchiroq narsaning o‘zi yo‘q-ku. Sizning doktrinangiz? Cizning tizimingiz desak-chi? Sizning prinsipingiz desak-chi? Lekin siz doktrinalarni ham yoqtirmaysiz. Siz tizimdan qo‘rqasiz. Prinsiplarga kelsak, siz siyosiy iqtisodiyotda prinsiplar bo‘lmasligini ta’kidlaysiz-ku. Keling, buni sizning amaliyotingiz, nazariyasiz va prinsipsiz amaliyotingiz, deb atay qolamiz”.
“Biz yorug‘lik ishlab chiqarishda aql bovar qilmas imkoniyatlarga ega ajnabiy ishlab chiqaruvchining chidab bo‘lmas raqobatiga duch kelyapmiz. U ichki bozorimizni juda past narxda to‘ldira oladi, paydo bo‘lishi bilan barcha buyurtmalarimizni olib qo‘yadi. Shu tariqa fransuz sanoatining muhim tarmog‘i o‘zining barcha son-sanoqsiz yo‘nalishlari bilan birga to‘liq turg‘unlik holatiga tushib qoladi. Bu raqobatchi — Quyosh”, — deb yozadi Bastia.
U mazkur petitsiyasi orqali mamlakatdagi barcha derazalar, tirqishlarni yopishni, pardalarni tushirib qo‘yishni, bir so‘z bilan aytganda, quyosh nuri uy-joylarga kiradigan barcha tuynuklarni yopish to‘g‘risida qonun qabul qilishni so‘raydi.
“Muhtaram organingizdan iltimosimizni kinoya deb qabul qilmaslikni va hech bo‘lmasa uning foydasiga keltirishimiz mumkin bo‘lgan dalillarni eshitmay turib bizni rad etmaslikni so‘raymiz. Birinchidan, tabiiy yorug‘likdan foydalanishni imkon kadar qisqartirdik deylik. Bu orqali sun’iy yoritish zaruratini yaratasiz. Natijada Fransiyada qaroringizdan foyda ko‘rmagan biror bir tarmoq qolmaydi. Chunki ularning barchasi bu sanoat bilan bog‘liq. Shunday emasmi? Agar (yoritish uchun) ko‘proq moy ishlatila boshlansa, qoramol va qo‘ylar sonini oshirishga ehtiyoj tug‘iladi. Sun’iy o‘tloqlarga katta talab paydo bo‘ladi. O‘z navbatida, qishloq xo‘jaligining asosi bo‘lgan go‘sht, jun, teri va, birinchi navbatda, go‘ng yanada ko‘paytiriladi”, — deb yozadi iqtisodchi.
Bastia deputatlardan o‘zining bu fikrlariga qarshi argumentlarni kutib qolishini ta’kidlaydi. Ayni vaqtda ular keltirgan asoslar erkin savdo tarafdorlarining kitoblarida keltiriladigan asoslar bo‘lmasligi kerak edi (lekin uning fikricha bu imkonsiz). Ya’ni bu asoslar deputatlarning o‘sha vaqtdagi amaliyoti va ularning siyosiy qarorlariga asos bo‘lgan tamoyillarga zid bo‘lmasligi lozim edi.
“Agar biz bu proteksiyadan foydalansak, Fransiya bundan naf ko‘rmaydi, chunki buning badalini iste’molchi to‘lashiga to‘g‘ri keladi, deysizmi? Iste’molchi manfaatlarini asos qilib keltirishga haqingiz yo‘q. Chunki iste’molchi va ishlab chiqaruvchining manfaatlari kesishgan joyda siz har safar iste’molchini qurbon qilgansiz. Agar gap ishchi kuchiga talabning rag‘batlantirilishi haqida bo‘lsa, u holda siz bizning g‘oyani ham qo‘llab-quvvatlashingiz zarur”, — deb yozgandi Bastia.
Shunday qilib, iqtisodchi sham ishlab chiqaruvchilarga kunduzgi yorug‘lik ta’minoti monopoliyasi berilsa, ular ish yurishi uchun birinchi galda ko‘p miqdorda yog‘, ko‘mir, moy, smola, mum, spirt kabi mahsulotlarni sotib olishini, natijada ishlab chiqaruvchilar ko‘plab pudratchilari bilan birga boyib borishini, mahsulot savdosi oshishini, shuningdek, ishchi o‘rinlari yaratilishini tushuntiradi.
Bastia quyosh nuri tabiat ne’mati ekanini bilgan. Uni rad etish boylikni qo‘lga kiritish vositalarini kengaytirish bahonasida bu boylikning o‘zini rad etish bo‘lishini ham bilgan. Bu gaplar iqtisodchining taklifiga qarshi argument sifatida aytilishini ham sezib turgan. Uning ta’kidlashicha, aynan shu sababni keltirish orqali deputatlar o‘zi olib borayotgan siyosatga o‘zi qarshi chiqqan bo‘lardi.
“Ko‘mir, temir, pishloq, xorijda ishlab chiqarilgan [boshqa] tovarlarni olib kirishni taqiqlasangiz, narxi [bizning mahsulotlardan ko‘ra] nolga yaqinroq bo‘lgani uchungina ularni mamlakatga olib kelishni cheklab qo‘yayotgan bo‘lsangiz, ayni vaqtda kun bo‘yi narxi nolga teng quyosh nurini erkin va cheklovsiz qabul qilayotganingiz — eng katta mantiqsizlik emasmi?”, — deb yozadi Bastia.
XXI asrga qaytamiz
O‘zbekiston hukumati 2025-yilning 31-yanvar kuni elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imini oshirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Hujjat 1-maydan kuchga kiradi.
Hujjatga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga hali uch yil to‘lmagan elektromobillar uchun yig‘im bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 120 baravari — 45 mln so‘m (yoki taxminan 3461,5 AQSh dollari) etib belgilangan. Hozir bu yig‘im 30 BHMga teng (farq — 4 baravar).
Ishlab chiqarilganiga uch yildan oshgan elektromobillar uchun yig‘im esa BHMning 210 baravari yoki 78,75 mln so‘m (6058 AQSh dollari) etib belgilandi. Hozirda bu yig‘im 90 BHMga teng (farq — 2,3 baravar).
Qaror sarlavhasida u elektromobillar batareyalarini utilizatsiya qilish infratuzilmasini tashkil etishni moliyalashtirish maqsadida qabul qilinayotgani ko‘rsatib o‘tilgan.
O‘zbekistonda salkam 5 yil avval joriy etilgan bu yig‘imdan shu kungacha tushgan mablag‘lar qayerga yo‘naltirilgan, nahotki har bir avtomobil uchun shu vaqtgacha to‘langan 11,25 mln va 33,75 mln so‘mlik yig‘im bu xarajatlarni qoplamayotgan bo‘lsa, o‘zi elektromobillar qayerda, qancha miqdorda utilizatsiya qilinyapti? Bu savollarni qo‘ya turaylik — ular hozir asosiy mavzudan chalg‘itishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasi qarorida uchta maqsad ko‘zlanayotgani aytiladi.
Birinchi maqsad — mamlakatda yashil texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish (albatta, axir 2025-yil O‘zbekistonda Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili deb e’lon qilingan-ku. Lekin, shoshmang — elektromobillar yashil texnologiya emasmi?).
Ikkinchi va uchinchi maqsadlar sifatida elektromobillarning yaroqsiz holga kelgan batareyalarini atrof-muhitga keskin zarar yetkazmay utilizatsiya qilish va sohada mahalliylashtirish ishlarini yanada jadallashtirish ko‘rsatilgan. Bu maqsadlarga to‘xtalishdan avval ba’zi ma’lumotlarni eslab o‘tish kerak.
Avvalo, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan elektromobillar 2030-yil 1-yanvariga qadar utilizatsiya yig‘imlaridan, ularning butlovchi qismlari, qurilmalari, xizmat ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan xomashyo va ehtiyot qismlari esa bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan.
Shuningdek, investorlarga ishlab chiqarish jarayoni o‘zlashtirilguniga qadar (24 oydan oshmagan muddatda) yiliga ko‘pi bilan 10 ming dona elektromobilni mashinokomplekt (SKD) yoki tayyor avtomobil (CBU) holida bojxona boji va utilizatsiya yig‘imi to‘lamay olib kirishga ruxsat berilgan.
Yuqoridagi ma’lumotlardan kelib chiqsak, qarorning uchinchi maqsadi haqiqatga yaqinligi anglashiladi: mahalliy “ishlab chiqaruvchi”larga bu yig‘imni to‘lamaslik imtiyozi berilgani holda chet eldan olib kelinayotgan elektromobillarga utilizatsiya yig‘imini (“import boji” deb o‘qisa ham bo‘ladi) joriy etish va keyinchalik uning miqdorini bir necha baravarga oshirish mahalliy bozorni ma’lum bir ishtirokchilar uchun bo‘lib berishdan boshqa narsa emas.
Ikkinchi maqsadga kelsak, kim ishlab chiqarganidan qat’iy nazar, barcha elektromobillarning batareyalari qachondir utilizatsiya qilinishi lozim. Shuning uchun, agar bu yig‘im mamlakat uchun zarur bo‘lsa, bozorning barcha ishtirokchilariga bir xilda qo‘llanilishi lozim. Sog‘lom raqobat tamoyillari buzilmasligi kerak.
Proteksionizm jamiyat manfaatlarini himoya qilmaydi
Savdo to‘siqlari mamlakat ichkarisidagi ma’lum bir guruhlarga xorijiy raqobatchilariga nisbatan ustunlik berish bilan kifoyalanmaydi. U mamlakat ichkarisidagi boshqa tabirkorlarga nisbatan adolatli savdo muhitini ham buzadi. Eng asosiysi, savdo to‘siqlari iste’molchilarning manfaatlariga qarshi ishlaydi: ularning arzonroq va sifatliroq mahsulotlar sotib olish imkoniyatini cheklaydi. Alal-oqibat, mamlakatning iqtisodiy o‘sishini sekinlashtiradi, iqtisodiyotdagi resurslarning samarasiz sarflanishiga olib keladi. Bu allaqachon isbotlangan narsa, bu mavzu bo‘yicha iqtisodchilar tomonidan yozilgan minglab maqolayu kitoblarni topib o‘qish mumkin.
Savdo to‘siqlari mamlakat iqtisodiyotdagi taqchil resurslar taqsimotini buzadi. Elektromobilni arzonroq sotib olgan kishi ortgan puliga umuman boshqa ishlab chiqaruvchining mahsulotini sotib olishi mumkin edi. Yoki o‘sha ortgan pulini ko‘paytirish uchun moliya bozoridagi turli vositalarga kiritishi, bu orqali tadbirkorlar arzonroq moliyaviy resurslarga ega bo‘lishi va ko‘proq ishchi o‘rinlarini yaratishi mumkin bo‘lardi.
Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Jan Tirol tili bilan aytganda, “davlat bozorda o‘yinchiga aylanishi emas yoki kim chempion bo‘lishini belgilashi emas, balki faqat hakamlik qilishi lozim”.
Paradoks
Elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi (de-fakto import boji) so‘nggi yillarda joriy etilgan yagona savdo to‘sig‘i emas. O‘zbekiston savdoga tarif va notarif to‘siqlar qo‘yish bo‘yicha antireytingda hamon dunyo peshqadamlaridan biri bo‘lib turibdi. Savdoni erkinlashtirish bo‘yicha 2017-yilda boshlangan tendensiya so‘nggi bir necha yilda yana teskari tomonga qarab ketayotgandek taassurot qoldiryapti.
Fransiyalik Bastianing yuqorida eslab o‘tilgan murojaatnomasi bir qarashda kulguli ko‘rinsa-da, u mamlakatga arzon narxda kirib kelayotgan tovar va xizmatlarga to‘siq qo‘yish bilan butunlay tekin bo‘lgan ne’matlarga to‘siq qo‘yish o‘rtasida mohiyatan farq yo‘qligini yaxshi ko‘rsatadi. Yana bir qiziq paradoks shundaki, bu ishlarning bari O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini yakunlashi kerak bo‘lgan 2025-yilda sodir bo‘lmoqda.
Yakuniy savol esa bitta: Quyoshni to‘sishda davom etamizmi?
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin