Suriyaning o‘tish davri mudofaa vaziri Murhaf Abu Kasraning aytishicha, Suriyaning yangi hukumati, agar mamlakat manfaatlariga javob bersa, Rossiya harbiy bazalarini saqlab qolishga tayyor. Bu haqda vazir 6-fevral kuni The Washington Post (WP) nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Agar biz bundan Suriya uchun foyda ko‘rsak, unda ha”, — dedi vazir Suriya Rossiyaning Tartus va Xmeymimdagi bazalarini qoldirishga ruxsat beradimi, degan savolga javoban.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, 2024-yil dekabr oyida Suriya prezidenti Bashar Asad tuzumi qulaganidan so‘ng Rossiyaning Suriya yangi hukumatiga munosabati “sezilarli darajada yaxshilandi”. “Siyosatda doimiy dushman yo‘q”, dedi u.
The Washington Post nashrining ta’kidlashicha, Rossiya Suriyaning yangi hukumatiga “o‘zi juda xohlagan narsani” — Bashar Asadni berishi mumkin. Mudofaa vaziri intervyuda Suriya rasmiylari Moskva bilan muzokaralar chog‘ida Asadni topshirishni so‘ragan-so‘ramaganini tasdiqlamadi. Shu bilan birga, u muzokaralarda Asadni javobgarlikka tortish masalasi muhokama qilinganini ta’kidladi.
“Bashar Asad Rossiyaga ketishga qaror qilganida, bizni [RF rasmiylari bilan] kelisha olmaydi, deb o‘ylagan edi. Ehtimol, [Rossiya] bilan munosabatlar shunday tiklanadiki, ular birinchi navbatda Suriya manfaatlariga, keyin esa o‘z manfaatlariga javob beradi”, — dedi vazir.
Murhaf Abu Kasraning qo‘shimcha qilishicha, Suriya hukumati Suriyadagi AQSh va Turkiya harbiy bazalari maqomi bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Anqara bilan yangi kelishuvlar mamlakatdagi turk qo‘shinlarini qisqartirish yoki “qayta taqsimlash”ni nazarda tutishi mumkin. AQShning mamlakat shimoli-sharqidagi harbiy ishtiroki “muhokama bosqichida,” deya qo‘shimcha qildi u.
Dekabr oyida Yevropa Ittifoqi Suriyaning yangi rahbariyati bilan Rossiya harbiy bazalarini mamlakatdan chiqarishni muhokama qilmoqchi ekani xabar qilingandi. YeIning ko‘pgina rasmiylari Suriyada Rossiya harbiylari bo‘lmasligi tarafdori.
Fevral oyi boshida Kreml Moskva Suriyaning yangi rasmiylari bilan barcha mavzularda, jumladan, mamlakatdagi Rossiya harbiy bazalari taqdiri bo‘yicha muloqotni davom ettirishini ma’lum qilgandi. “Xabaringiz bor, delegatsiyamiz yaqinda muzokaralar o‘tkazdi, barcha masalalar bo‘yicha aloqalarni davom ettirishga kelishib oldik, muhokama qilish uchun ko‘plab masalalar bor”, — degandi prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Moskva va Damashq o‘rtasidagi muloqot Turkiyaning Rossiya tomonining Suriyadagi harbiy ishtirokini saqlab qolish bo‘yicha sa’y-harakatlariga to‘sqinlik qilishga urinishlari tufayli muammolarga duch kelmoqda.