AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh fuqarolari va Isroil kabi AQSh ittifoqchilariga nisbatan olib borilayotgan tergovlar tufayli Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) mansabdor shaxslariga nisbatan sanksiyalar joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqdagi xabar 6-fevral kuni Oq uy saytida e’lon qilindi.
Unda aytilishicha, XJS “o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilib, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga asossiz orderlar bergan”.
Trampning farmonida aytilishicha, AQSh ham, Isroil ham Xalqaro jinoiy sud a’zosi emas va Rim statutini imzolamagan. “Ikkala davlat ham hech qachon XJS yurisdiksiyasini tan olmagan va ikkala davlat ham urush qonunlariga qat’iy rioya qiladigan armiyalarga ega gullab-yashnayotgan demokratiyadir”, — dedi Tramp.
Farmonga ko‘ra, Xalqaro jinoiy sudning AQShdagi mansabdorlariga tegishli mol-mulklar bloklanadi, XJS xodimlari va ularning oila a’zolariga Qo‘shma Shtatlarga kirish taqiqlanadi. Farmon sudga qilinajak har qanday ko‘maklarni taqiqlaydi. AQSh hozircha sanksiyalar kimlarga nisbatan qo‘llanishini e’lon qilmadi.
Xalqaro jinoiy sud 2024-yil noyabr oyida Isroil bosh vaziri Netanyahu va mamlakatning sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order bergandi. XJS ularni G‘azo sektorida sodir etilgan harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblagan.
Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddati davomida 2012−2021-yillarda Xalqaro jinoiy sud prokurori Fatu Bensudaga nisbatan sanksiyalar kiritgandi. O‘shanda sanksiyalar sud Amerika harbiylarining Afg‘onistonda sodir etgan harbiy jinoyatlarini tergov qilgani uchun kiritilgan.
XJS 2023-yil mart oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergan. Ular Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilishda gumon qilingan.