O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov prezident administratsiyasida (PA) shtatlar qisqartirilishi haqidagi xabarlarga izoh berdi.

Kunning ikkinchi yarmida Platforma.uz Telegram kanali Shavkat Mirziyoyevga tayanib, PA shtat birliklari kamida 50 foizga qisqartirilishi, bu boshqa davlat tashkilotlariga ham ta’sir ko‘rsatishi haqida xabar berdi.

Sherzod Asadovga ko‘ra, shtatlarni optimallashtirish barcha darajadagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida — Prezident administratsiyasidan tortib quyi idoralargacha doimiy jarayon hisoblanadi.

“Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — bir-birini takrorlovchi funksiyalarni qisqartirish, davlat boshqaruvi tizimi va davlat xizmatchilarining faoliyati samaradorligini oshirish, barcha idoralarda budjet mablag‘laridan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishni ta’minlash”, — dedi u.

Matbuot kotibi OAV, blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan ushbu mavzuga oid ma’lumotlarni tarqatishda faqat rasmiy manbalarga tayanishni so‘radi.