Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi 17 ta ko‘chadan o‘tgan 7,3 kilometr uzunlikdagi yo‘lni gastronomik ko‘chaga aylantirish loyihasi ma’qullandi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishida aytildi.
Qayd etilishicha, ushbu ko‘chada 250 ta savdo va servis obyektlari tashkil qilinib, kamida 1,5 ming ish o‘rni yaratiladi. Bundan avval ham Toshkentda bir qancha gastronomik ko‘cha tashkil etilishi haqida xabarlar berilgandi.
Poytaxtdagi yana 26 ta ko‘chani tunu-kun ishlaydigan gavjum ko‘chaga aylantirish, 24 soat ishlaydigan savdo nuqtalarini 1 mingtaga ko‘paytirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Turistlar bildirgan fikrlarni inobatga olib, turizm va servis joylarini kechqurun ham ishlaydigan qilish kerakligi ta’kidlandi.
Avvalroq Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi tomonidan tungi iqtisodiyotni rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilgandi.