Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda transport infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlarini ma’lum qildi.
O‘tgan yili transport xizmatlari ko‘rsatish hajmi 8,6 foizga o‘sib, 145 trillion so‘mni tashkil etdi. Prezident bu yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun yetarli emasligini ta’kidladi.
Mahalliy ekspeditorlarning xalqaro yuk tashishdagi ulushini oshirish maqsadida ular QQS to‘lashdan ozod etildi. Natijada Transport vazirligi joriy yilda ularning ulushini 25 foizga, 2026-yilgacha esa 50 foizga oshirishi kerak.
“Yevro 5” va undan yuqori ekologik standartlarga javob beradigan yuk mashinalari 2021-yil avgustidan 2025-yil 1-yanvarigacha bojxona bojlari va utilizatsiya yig‘imlaridan ozod etilgandi. Prezident mazkur imtiyozni yana uch yilga (2028-yilgacha) uzaytirishni ma’qulladi.
Shavkat Mirziyoyev mas’ul mutasaddilarga xususiy aviakompaniyalar bilan hamkorlikda Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus va Termizga parvozlar sonini ikki barobar oshirish, shuningdek, joriy yilda havo qatnovlari hajmini kamida 20 foiz ko‘paytirish, 15 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish chora-tadbirlarini ishlab chiqishni topshirdi.
Davlat rahbari Toshkent, Yangiyo‘l, Chinoz va Sirdaryo tumanlari o‘rtasida qatnovchi zamonaviy elektropoyezd qatnovini tezlashtirish zarurligini ham ta’kidladi.
Bugungi kunda temiryo‘l xizmatlari eksportining 50 foizini tranzit yuklar tashkil etadi. Maqsad — 2030-yilgacha tranzit yuk tashish hajmini 22 million tonnaga yetkazish.
Tadbirkorlarga avtomobil yo‘llari bo‘yidan bepulga yer ajratib berish, 72 ta zamonaviy yo‘l bo‘yida xizmat ko‘rsatish obyektlarini qurish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, yirik multimodal logistika markazlari sonini ikki barobar oshirish bo‘yicha uch yillik dasturni ishga tushirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.