So‘nggi kunlarda Anqarada qalbaki spirtli ichimlik iste’mol qilgan 33 kishi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda NTV telekanali shahar gubernatori Vasip Shahinga tayanib. Bundan tashqari, yana 20 kishi shifoxonalarda intensiv terapiya bo‘limlarida davolanmoqda.

“Elchixona bilan birgalikda olib borilgan o‘rganishlar natijasida vafot etganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligi aniqlandi”, — deydi Anqaradagi o‘lim holatlari bo‘yicha munosabat bildirgan mamlakatning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi.

Holat yuzasidan 102 tonna etil va metil spirti, shuningdek, ichimliklar ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullanuvchi 32 nafar shaxsga nisbatan chora ko‘rilgan. 13 kishi hibsga olingan, qolganlari sud organlari nazorati ostida qo‘yib yuborilgan.

Istanbulda esa 14-yanvardan buyon soxta alkogol tufayli jami 70 kishi halok bo‘ldi. Vafot etganlarning 23 nafari o‘zbekistonliklardir (30-yanvar kungi ma’lumot). Shunday qilib, 14-yanvardan 6-fevralgacha ikki hududda mazkur sabab bilan vafot etganlar soni 103 kishini tashkil etmoqda.

Istanbulda o‘tkazilgan tadbirlar davomida 29 tonna qalbaki alkogol mahsuloti, shuningdek, uni tarqatish bilan shug‘ullangan 64 ta korxonaning litsenziyalari olib qo‘yilgan. Korxona mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarayoni davom etmoqda.

Ma’lumot uchun, 2024-yilda Istanbulda 48 kishi soxta alkogoldan vafot etgan, 110 kishi zaharlanish bilan kasalxonalarga yotqizilgan.