O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi Ma’sudov Xayriddin Fathiddinovich 88 yoshida vafot etdi, deya xabar bermoqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi.
Xayriddin Ma’sudov 1937-yil 27-avgust kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini 1956-yilda texnika sohasida boshlagan, keyinchalik ta’lim sohasida ishlay boshlagan, kasbiy ta’lim tizimini rivojlantirishga hissa qo‘shgan.
U uzoq yillar xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari hamda O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi direktorining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan.
Ma’sudov 2017-yildan hozirgacha “Barkamol avlod” jismoniy tarbiya va sport jamiyati Markaziy kengashi rais o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.
“O‘z kasbining mohir ustasi, fidoyi ustoz va mehribon inson sifatida u el-yurt e’tiborini qozongan. Uning fidokorona mehnati, ilm-fanga qo‘shgan ulkan hissasi va yoshlarga bergan bilimlari xalqimiz uchun bebaho meros bo‘lib qoladi”, — deyiladi xabarda.