O‘zbekiston yil oxirigacha Ai-80 benzinidan foydalanish va sotishni cheklash uchun “barcha kuch va resurslarni safarbar etish” niyatida. Shu bilan birga, aholi “sifatli, ekologik toza va arzon yoqilg‘i” bilan ta’minlanishi kerak.

Bu haqda prezidentning 30-yanvardagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi farmonida so‘z boradi.

Yil oxiriga qadar respublikaning barcha hududlarida issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan mazutdan yoqilg‘i sifatida foydalanish ham to‘liq taqiqlanadi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligini xabardor qilib, Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda foydalanish holatlari mustasno.

Savol tarixi

2024-yil boshida Energetika vazirligi “Gazeta.uz”ga Ai-92 va undan yuqori turdagi benzin ishlab chiqarishni ko‘paytirish orqali 2026-yil oxirigacha Ai-80 ishlab chiqarishni qisqartirish rejalashtirilgani haqida xabar bergandi. Bunga parallel ravishda yuqori oktanli benzin markalariga aksiz solig‘i stavkalarini kamaytirish taklif qilingan.

Keyinroq prezident 2025-yildan Ai-80 (“Yevro-2” standarti) benzinidan voz kechish masalasini uzil-kesil hal qilishni topshirgan.

Prezidentning sentabrdagi qarorida 2028-yildan boshlab ekologik toifasi “Yevro-4” standartidan past bo‘lgan avtomobil yoqilg‘isidan foydalanish va sotish bosqichma-bosqich cheklash haqida so‘z borgandi. Xususan, buning uchun Ai-80 ishlab chiqaruvchi Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlari chuqur modernizatsiya qilinadi hamda “Yevro-2” va “Yevro-3” standartlaridagi yoqilg‘ini import qilish taqiqlanadi.

“O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga modernizatsiya uchun vaqt kerak bo‘lishini ta’kidlagan. “Buxoro neftni qayta ishlash zavodida “Yevro-4” va undan yuqori benzinga o‘tish uchun vaqt kerak. Yil oxirigacha loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqiladi va shundan so‘ng Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Loyihani to‘liq yakunlash uchun 30−32 oy vaqt ketadi”, — deyiladi kompaniya xabarida.