8-fevral kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Turkiya elchisi Olgan Bekarni qabul qildi. Bu haqda vazir o‘zining Telegram kanalida xabar berdi.
“Turkiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar janoblari bilan uchrashuv o‘tkazdik. Rahbarlarimiz o‘rtasida o‘rnatilgan birodarlik rishtalari har bir sohada yaqin hamkorlik uchun eng mustahkam poydevor yaratmoqda”, — deydi vazir.
Vazir elchiga “O‘zbekiston va Turkiya qardoshlik munosabatlarini mustahkamlashga katta hissa qo‘shgani uchun” minnatdorlik bildirib, kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Olgan Bekar 2021-yil 5-martdan beri mazkur lavozimda ishlab kelayotgan edi.