O‘zbekistonda 1-iyuldan ko‘p qavatli uylar massivlaridagi tuproq va yashil qoplamali umumiy foydalanishdagi hududlarni o‘zboshimchalik bilan betonlashtirganlik, qurilma va konstruksiyalarni o‘rnatganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi.

Bu Shavkat Mirziyoyevning 30-yanvardagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot” yili (2025)da amalga oshirishga oid Davlat dasturini tasdiqlagan farmonida nazarda tutilgan.

Qaror “keng jamoatchilik, xalqaro va mahalliy ekologiya faollari, ekologiya sohasidagi ilmiy jamoatchilik takliflari”ni inobatga olgan holda qabul qilingan bo‘lib, unumdor tuproq qatlamini saqlash va yashil hududlarni muhofaza qilishga qaratilgan.

Bundan tashqari, ko‘p qavatli turar joylarni loyihalash, qurish va foydalanishga qabul qilishda oqova, yomg‘ir va texnik suvlardan sug‘orishda foydalanish tizimlarini tashkil etish majburiy bo‘ladi.

Umuman olganda, 2025-yilda “Mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, ko‘chalarda yashillik darajasini oshirish, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhitini shakllantirish” yo‘nalishida qator chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Piyodalar va alohida velosiped yo‘laklari bo‘yida daraxtlar va o‘simliklarni ekish orqali “Soyali sayr ko‘chalari” tarmog‘i yaratilishi, sohil va daryo bo‘ylarida sog‘lomlashtirish yo‘laklari qurilishi, yomg‘ir va oqova suvlardan samarali foydalanish, mahallalardagi daraxtlarni zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar orqali sug‘orish tizimini joriy etish natijasida yashillik darajasi oshirilishi shular jumlasidan.