8-fevral kuni HAMAS guruhi Qizil Xoch xodimlariga garovga olingan uch nafar isroillikni topshirdi, deb yozmoqda Times of Israel.

Ozodlikka chiqarilganlar nomi ham keltirildi, ular: 53 yoshli Eli Sharabi, Ohad Ben-Ami (56) va Or Levi (34).

Qo‘yib yuborilganlar evaziga Isroil 183 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi, ulardan 18 nafari umrbod qamoq jazosiga hukm qilingandi. Kamida 7 nafar ozod qilingan falastinlik sog‘lig‘ining yomonligi tufayli ozod etilganidan so‘ng darhol kasalxonalarga yotqizildi, deb yozadi Al Jazeera.

Bu 19-yanvarda kuchga kirgan sulh boshlanganidan beri almashinuvning beshinchi raundi sanaladi. Avvalgi to‘rtta harakat davomida HAMAS 18 kishini topshirgan, ular orasida Tailandning besh nafar fuqarosi ham bo‘lgan.

Isroil esa 400 nafar mahbusni ozod qildi — ular orasida umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan jinoyatchilar ham, uzoq vaqt davomida sudsiz ravishda qamoqda saqlanganlar, jumladan, voyaga yetmaganlar ham bor.

  • Isroil va HAMAS Qatar, AQSh va Misr vositachiligida 17-yanvar kuni yarashuv va garovga olinganlarni ozod qilish to‘g‘risida bitim tuzgandi. Bitim uch bosqichni o‘z ichiga oladi, ularning birinchisi 42 kun davom etadi. Bu davrda HAMAS barcha ayollar (askarlar va fuqarolar), bolalar va 50 yoshdan oshgan erkaklarni o‘z ichiga olgan 33 nafar garovga olinganlarni ozod qiladi. Buning evaziga Isroil yuzlab falastinlik mahbuslarni qamoqdan chiqaradi va o‘z qo‘shinlarini olib chiqadi.