Samarqand shahri Qoravus dahasida yangi tug‘ilgan chaqaloq chiqindixona yaqiniga tashlab ketildi. Bu haqda Sevimli telekanalida xabar berildi.

Bola Obodonlashtirish boshqarmasi xodimi Matluba Jo‘raqulova tomonidan 7-yanvar kuni soat 07:30 atrofida “Obod maskan” mahallasi binosi orqasidagi chiqindixona yonida o‘lik holda topilgan. Uning aytishicha, chaqaloqning bosh va oyoq qismida jarohatlar bo‘lgan.

“Kim bo‘lsa ham, uni kechasi tashlab ketgan. Hamma joyni tozalab yurganimda shu chaqaloqni ko‘rib qoldim. Boshi va qo‘li tilingan edi. It yoki biror nima [tilganmi], tushunmadim. Kiymi yo‘q edi, oyoqlari hojatxona qog‘oziga uralgandi”, — dedi xodim.

Voqea sodir bo‘lgan hududda kuzatuv kameralari o‘rnatilmagan. Biroq mahalla yaqinligi sababli bu joy odamlar serqatnov joy hisoblanadi, deyiladi xabarda.

самарқанд, chaqaloq

13-oilaviy poliklinika akusher ginekologi Aziza Berdiyevaning so‘zlariga ko‘ra, chaqaloq 22 haftalik va kindigi kesilmagan homilaga os keladi.

“Mening fikrimcha, u 4−5 soat oralig‘ida tug‘ilgan bo‘lishi mumkin. Davlat tug‘uruqxonalariga murojaat qilmay, uyda qilingan tug‘ruqqa o‘xshadi. Rivojlanishi normal, qo‘l-oyoqlari butun, tirnoqlari shakllangan, 500 gramm atrofidagi qiz jinsli chaqaloq edi”, — dedi shifokor.

“Hududdagi 500 nafar homiladorning barchasi bilan bog‘lanib chiqdik. Bu holat boshqa joydan kelganlar bilan sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Chunki u yerda ijarada yashaydiganlar ko‘p”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Hozirda holat yuzasidan Samarqand shahar IIB tomonidan surishtiruv ishlari boshlangan.

Huddi shu manzilda — shaharning Qorasuv dahasidagi ko‘p qavatli uyning kirish yo‘lagiga bir yil avval ham tug‘ilganiga 4−5 kun bo‘lgan ikki chaqaloq qoldirib ketilgandi.