O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi mamlakatda noqonuniy bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarni huquqiy holatini zudlik bilan hal etish choralarini ko‘rish borasida ogohlantirdi.

Rossiya prezidenti farmoniga muvofiq, 2025-yilning 5-fevralidan boshlab mamlakat hududida Ichki ishlar vazirligi tomonidan yuritiladigan Nazorat qilinadigan shaxslar reyestri faoliyat ko‘rsatishni boshladi.

Mazkur reyestrga migratsiya qonunchiligi sohasida ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan chet el fuqarolari kiritiladi.

Ushbu me’yoriy hujjatga ko‘ra, reyestrga kiritilgan chet elliklar Rossiyadan chiqib ketishlari yoki 2025-yil 1-yanvardan 30-aprelgacha bo‘lgan davrda o‘zlarining huquqiy maqomlarini hal qilish uchun o‘zlari istiqomat qilib turgan joydagi Rossiya IIVng hududiy organiga yoki “PVS” (pasportno-vizovыy servis) federal davlat unitar korxonasining filialiga murojaat qilishlari shart.

Shuningdek, Moskva shahrida joylashgan chet elliklar uchun “Saxarovo” ko‘p funksiyali migratsiya markaziga murojaat qilishlari talab etiladi.

Rossiya tomoni amnistiya davrida ushbu farmonga binoan chet el fuqarolariga nisbatan mamlakatdan chiqarib yuborish, maxsus saqlash muassasalarga joylashtirish va keyinchalik uning hududiga kirishni cheklash bilan bog‘liq choralar qo‘llanilmasligini ta’kidlamoqda", deyiladi elchixona xabarida.

Nazorat qilinadigan shaxslar reyestriga kiritilgan chet el fuqarolariga quyidagilar taqiqlanadi:

  • ko‘chmas mulk va transport vositalarini sotib olish va ro‘yxatdan o‘tkazish;
  • nikoh tuzish;
  • yuridik tashkilot yoki firmalarni tashkil etish va yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish;
  • bank hisob raqamlarini ochish va bank operatsiyalarini bajarish;
  • transport vositalarini boshqarish.

Shu bilan birga, mamlakat hududida noqonuniy yurgan voyaga yetmagan chet el fuqarolarni ta’lim muassasalariga (maktablar va bolalar bog‘chalari) qabul qilish ham mumkin bo‘lmaydi.

Fuqarolar o‘zlarining huquqiy maqomini Rossiya IIVning rasmiy veb-saytida tekshirishi mumkin.