AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Ukrainadagi urushni tugatish masalasini muhokama qilish uchun telefon orqali gaplashganini aytdi, deb xabar berdi shanba kuni kechqurun New York Post (NYP).
Juma kuni Air Force One samolyotida bergan intervyusida Tramp ikki yetakchi yaqin orada necha marta gaplashgani haqidagi savolga “aytmaganim ma’qul” deya javob qaytardi.
“U (Putin) odamlar ortiq o‘lmasligini xohlaydi”, — deya bildirdi Tramp New York Post gazetasiga.
Yanvar oyi oxirida Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin Tramp bilan telefon suhbati o‘tkazishga tayyorligini va Moskva Vashingtondan ham tayyorligi haqidagi xabarni kutayotganini aytgandi. Shuningdek, juma kuni Tramp kelasi hafta Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashib, urush tugashini muhokama qilishini bildirgan.
24-fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi bilan boshlangan urushga uch yil to‘ladi. Mojaro paytida minglab odamlar halok bo‘ldi, ularning aksariyati ukrainaliklar.
Tramp New York Post nashriga “Putin bilan har doim yaxshi munosabatda bo‘lgani” va urushni tugatish bo‘yicha aniq rejasi borligini aytdi. Ammo u boshqa tafsilotlarni oshkor qilmadi. “Umid qilamanki, bu tez orada bo‘ladi”, — dedi Tramp. “Har kuni odamlar vafot etmoqda. Ukrainada bu urush juda yomon ahvolda. Men bu la’nati narsani tugatmoqchiman”.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Ukrainadagi 500 mln dollarlik nodir yer qazilmalari va gazga egalik qilish evaziga ehtimoliy tinchlik kelishuvida Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini beradi.
Tramp, shuningdek, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uoltsga murojaat qilib, shunday dedi: “Keling, bu uchrashuvlarni o‘tkazaylik. Ular uchrashmoqchi. Har kuni odamlar halok bo‘lmoqda. Yosh, chiroyli askarlar halok bo‘lmoqda. O‘g‘illarimga o‘xshagan yigitlar”, — deya yozadi New York Post.
AQSh vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens 14−16-fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Zelenskiy bilan uchrashadi, deyiladi NYP materialida.
- Fevral oyida boshida Saudiya Arabistoni va BAA Rossiya tomonidan Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuv uchun ehtimoliy joy sifatida ko‘rilayotgani haqida xabar berilgandi. Ikki davlat ham Putinni hibsga olish uchun order bergan Xalqaro jinoiy sud a’zosi emas.
- Yanvar oyi oxirlarida esa OAV Tramp agar Rossiya urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralardan bosh tortgan taqdirda, sanksiyalar bilan tahdid qilgani haqida yozgandi. U Putin bilan “juda tez muddatda” gaplashishni rejalashtirayotganini qo‘shimcha qilgan.
- Yanvar oxirida Vladimir Zelenskiy Ukrainada tinchlik bo‘yicha har qanday muzokaralar Ukraina ishtirokisiz o‘tishi mumkin emasligi, chunki ular hech qanday natijaga olib kelmasligini ta’kidlagan.