O‘zbekistonda muqobil qurilish materiallaridan foydalanishni rag‘batlantirish uchun yangi chora-tadbirlar joriy etilmoqda. Bu prezidentning 2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturini amalga oshirish to‘g‘risidagi farmonida nazarda tutilgan.

2025-yil 1-avgustdan pishiq g‘isht ishlab chiqarishdan devorbop materiallar (penoblok, gazoblok) ishlab chiqarishga o‘tgan qurilish tashkilotlari “Shaffof qurilish” platformasida ustuvorlikka ega bo‘ladi. Ushbu platforma davlat xaridlari, qurilish sohasidagi davlat xizmatlari va quruvchilarning elektron reytingini o‘z ichiga oladi.

Joriy yilda g‘isht-cherepitsa xomashyosi ishlab chiqaruvchilar uchun tuproq qa’ridan foydalanganlik solig‘i 5 foiz, biroq 1 kub metr uchun kamida 4620 so‘m miqdorida belgilangan.

2026-yil 1-yanvardan boshlab pishiq va xom g‘isht ishlab chiqarishda tuproq qa’ridan foydalanganlik solig‘i 2025-yil uchun belgilangan stavkadan 2 baravarga oshiriladi. Keyinchalik, 2027-yildan boshlab soliq stavkalari bosqichma-bosqich ko‘tarilib boradi. Dastlab, farmon loyihasida uni 10 barobarga oshirish taklif qilingandi.

2027-yil 1-yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligi yerlarida, shuningdek, tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya, tarixiy-madaniy ahamiyatga molik hududlarda, o‘rmon va suv fondlarida joylashgan karerlarda qum qazib olish taqiqlanadi. Bu chora-tadbirlar tuproqning unumdor qatlamini saqlab qolish va tabiiy resurslarni muhofaza qilishga qaratilgan.

Bundan tashqari, ikki oy ichida mamlakatda energiya tejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarishni ko‘paytirish va joriy etish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

O‘tgan yillarda O‘zbekistondagi g‘isht zavodlarining aksariyati gaz bilan ishlagan. 2023-yildan boshlab ularni faol ravishda ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish boshlandi, o‘sha yilning 1-mayidan boshlab esa yangi issiqxona xo‘jaliklari hamda sement, g‘isht va ohak ishlab chiqaruvchilarga gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar berish taqiqlandi.