Rossiya rasmiylarining fikricha, G‘arb bosimi Rossiyaning sobiq sovet davlatlarini o‘z orbitasiga jalb qilish harakatlariga to‘sqinlik qilmoqda, deb yozadi Financial Times Rossiya hukumati hisobotiga tayanib.
“O‘tgan yilning aprel oyida bosh vazir Mixail Mishustin boshchiligidagi strategik sessiyada namoyish etilgan ichki hisobot Rossiyaning Ukrainadagi urushi uning eng yaqin ittifoqchilarining ba’zilari bilan munosabatlariga qanday zarar yetkazganini ko‘rish uchun kamdan-kam uchraydigan imkoniyatni taqdim etdi”, — deya ta’kidlaydi FT.
Hisobotda aytilishicha, Moskva jahon savdosiga kirishni tiklamoqchi va Rossiyani AQSh, Yevropa Ittifoqi va Xitoy bilan raqobatlashadigan “Yevrosiyo savdo bloki” markazida ko‘rmoqda. Yangi blok RFni global janub mamlakatlari bilan ham bog‘lashi kerak.
Biroq loyihani amalga oshirish yo‘lida jiddiy to‘siqlar saqlanib qolmoqda, deyiladi hisobotda. Hujjatda, xususan, G‘arb Markaziy Osiyo davlatlariga sanksiyalarga rioya qilishga majburlash, ularga Moskvani chetlab o‘tadigan jahon bozorlari, transport yo‘laklari va ta’minot zanjirlariga kirishni taklif qilish orqali muvaffaqiyatli bosim o‘tkazgani aytiladi.
Hisobotga ko‘ra, Markaziy Osiyo Rossiya biznesini o‘z yurisdiksiyasidan siqib chiqarish, import va eksport oqimlarini nazorat qilish va ishlab chiqarishni Rossiyadan ko‘chirish orqali sanksiyalardan foyda ko‘rgan.
Hisobotda qayd etilishicha, Rossiya Markaziy Osiyo davlatlarini o‘z yonida ushlab turish uchun “uzoq o‘yin o‘ynashi” kerak bo‘ladi. Ular esa Rossiyaning “zaifligi”dan foydalanib, Rossiyasiz Turkiy davlatlar tashkiloti kabi guruhlarga birlashishga intilmoqda.
Bundan tashqari, hisobotda ta’kidlanganidek, Markaziy Osiyo davlatlari “o‘z dunyoqarashini o‘zgartirib, umumiy tarixini qayta ko‘rib chiqdi”, rus tili o‘rniga ingliz tilini targ‘ib qilib, G‘arb ta’lim standartlariga o‘tdi va o‘z elitasini G‘arbga o‘qishga yubordi.
Hisobotda Rossiyaning iqtisodiy aloqalari va ta’sirini mustahkamlash bo‘yicha eng muvaffaqiyatli misol sifatida Belarus ko‘rsatilgan.