Hukumatning yosh juftliklarni turmush qurishga va farzand ko‘rishga rag‘batlantirishga qaratilgan ko‘plab sa’y-harakatlariga qaramay, 2024-yilda Xitoyda nikohlar beshdan bir qismga kamaydi. Bu esa tug‘ilish darajasi bilan bog‘liq muammolarni yanada kuchaytirdi, deb yozmoqda Reuters.

Fuqarolik ishlari vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili 6,1 milliondan ortiq juftlik nikohdan o‘tgan bo‘lsa, undan bir yil avval bu ko‘rsatkich 7,68 million bo‘lgan.

Turmush qurishga bo‘lgan qiziqishning pasayishi uzoq vaqtdan beri Xitoyda bolalarni voyaga yetkazish va o‘qitishning qimmatligi bilan bog‘liq, deb ta’kidlaydi nashr. Bundan tashqari, so‘nggi bir necha yil ichida iqtisodiy o‘sishning pasayishi universitet bitiruvchilarining ish topishini qiyinlashtirdi va hatto ishlilar ham o‘zlarining uzoq muddatli istiqbollariga ishonchsizlik his qila boshladi.

Shunday bo‘lsa-da, Xitoy hukumati uchun turmush qurish va farzand ko‘rishga qiziqishni oshirish dolzarb masala hisoblanadi.

Xitoy dunyoda aholisi soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi — 1,4 milliard kishi, ammo aholi tez qarimoqda.
Xitoyning 1980−2015-yillardagi bir bolalilik siyosati va jadal urbanizatsiya tufayli tug‘ilish darajasi o‘nlab yillar davomida pasayib borgan. Yaqin o‘nyillikda taxminan 300 million xitoylik — AQSh aholisining deyarli barchasiga teng — nafaqaga chiqishi kutilmoqda.

O‘tgan yili hukumat tomonidan muammoni hal qilish uchun ko‘rilgan chora-tadbirlar Xitoy kollejlari va universitetlarini nikoh, sevgi, serfarzandlik va oilaga ijobiy qarashlarni ta’kidlash uchun “sevgi ta’limi” berishga undashni o‘z ichiga oldi.

O‘tgan yili pandemiya tufayli tanaffusdan so‘ng va 2024-yil Xitoyning ajdar yili bo‘lgani sababli tug‘ilishlar soni biroz ko‘tarildi — shunday yilda tug‘ilgan bolalar ko‘proq obro‘ qozonishi va katta baxt-saodatga erishishi mumkin deb hisoblanadi.

Ammo tug‘ilish ko‘paygan bo‘lsa-da, mamlakat aholisi ketma-ket uchinchi yil kamayib bormoqda. Ma’lumotlar, shuningdek, o‘tgan yili 2,6 milliondan ortiq juftlik ajrashish uchun ariza berganini ko‘rsatdi, bu 2023-yilga nisbatan 1,1 foizga ko‘pdir.