Iqtisodiyot
O‘zbekistonda g‘ishtdan voz kechish rag‘batlantiriladi
2026-yildan O‘zbekistonda g‘isht ishlab chiqarish solig‘i ikki baravarga oshiriladi, 2027-yildan esa qo‘riqlanadigan yerlardagi karerlarda qum qazib olish taqiqlanadi. G‘isht o‘rniga penoblok va gazoblokdan keng foydalanuvchi qurilish tashkilotlariga “Shaffof qurilish” platformasida ustuvorlik beriladi.
Yanvarda O‘zbekistonda inflyatsiya tezlashdi
Yanvarda O‘zbekistonda rasmiy inflyatsiya 0,72 foizni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning yanvar oyiga nisbatan yuqori. Kartoshka 23,9 foizga, kungaboqar yog‘i 2,2 foizga, go‘sht 1,1−1,2 foizga qimmatladi. Davlat bog‘chalari uchun to‘lovlar miqdori 21 foizga oshdi.
Yanvarda aholiga eng ko‘p elektr va tabiiy gaz narxi oshgani sezildi
Yanvar yakunlariga ko‘ra, aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi dekabrga nisbatan o‘zgarishsiz qolib, 14,7 foizni tashkil etdi. Aholi oy davomida eng ko‘p elektr energiyasi, gaz, go‘sht va tuxum narxlarida yuqori o‘sish kuzatilgani qayd etdi.
O‘zbekistonda “yashil tadbirkor” maqomi va elektr uchun “yashil” tariflar joriy etiladi
1-sentabrdan “yashil tadbirkor” maqomini beruvchi platforma ishga tushirilishi mumkin. Bunday maqomga ega korxonalar “Shaffof qurilish” platformasida ustuvorlik, barqarorlik reytingida ballar va boshqa imtiyozlarga ega bo‘ladi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridagi elektr uchun “yashil tariflar” joriy etiladi.
Anorbank Toshkent markazidagi Energetika vazirligi va “O‘ztransgaz” binolarini qariyb 34 mln dollarga sotib oldi
Anorbank Toshkent markazidagi Energetika vazirligi va “O‘ztransgaz” kompaniyasi binolarini 439,6 mlrd so‘mga (34 mln dollar) sotib oldi. Dekabr oyi oxirida Energetika vazirligi Yangi Toshkentga ko‘chib o‘tishi, u yerda davlat organi va uning tuzilmalari uchun yangi bino qurilayotgani haqida xabar berilgan edi.
2024-yilda O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi qariyb 40 mlrd dollarni tashkil qildi
2024-yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining kuzatilmaydigan hajmi 505 trln so‘mdan oshib, yalpi ichki mahsulotning 34,8 foizini tashkil etdi. Yashirin iqtisodiyotning asosiy qismi qishloq xo‘jaligi, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalariga to‘g‘ri keladi.
Bosh prokuratura quyosh panellari o‘rnatilishini nazorat qiladi
Davlat dasturini amalga oshirish to‘g‘risidagi prezident farmoni bilan Bosh prokuraturaga quyosh panellarini o‘rnatish rejasining ijrosini ta’minlash topshirildi. Energetika vazirligi hokimliklar bilan birgalikda ularni tuman va shaharlarda o‘rnatish dasturini ishlab chiqadi.
Inflyatsion kutilmalar: aholi va biznes eng ko‘p kommunal xizmatlar qimmatlashidan tashvishlanmoqda
Yanvarda aholining kelgusi bir yil uchun inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarishsiz qolib, 14,4 foizni tashkil etdi. Tadbirkorlarning kutilmalari pasaydi (-1 foiz). Aholi ham, biznes ham kelgusida narxlar oshishiga eng ko‘p kommunal xizmatlar qimmatlashishi sabab bo‘lishini qayd etgan.
Atom energetikasi uzoq muddatli o‘sish sur’atlari uchun munosib zamin yaratadi — prezident
Prezident yig‘ilishiga ko‘ra, uran zaxiralari hisobiga atom energetikasi orqali uzoq muddatli quvvat tashkil etish rejalashtirilmoqda. Davlat rahbari bo‘lajak AES mutaxassislarini hoziroq tayyorlashni buyurdi va texnologiya iqtisodiyot raqobatdoshligini oshirib, o‘sish sur’atlari uchun munosib zamin yaratishini aytdi.
Jamiyat
O‘zbekistonda 10−16-fevral kunlari ob-havo qanday bo‘ladi? “Gazeta.uz” sharhi
O‘zbekistonda joriy haftaning ish kunlarida sovuq ob-havo hukmronlik qilishi kutilyapti. Hafta boshida shimoliy hududlar va tog‘larda havo harorati tunda -10 darajadan ham pastroq bo‘lishi mumkin. Joylarda vaqti-vaqti bilan unchalik ko‘p bo‘lmagan qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchiliklar kuzatilishi prognoz qilinmoqda.
Samarqandda ayol eri tomonidan kaltaklanganidan so‘ng vafot etgani aytilmoqda
Samarqand viloyatida 27 yoshli ayol eri tomonidan kaltaklanganidan so‘ng bir necha kun o‘tib ahvoli yomonlashgan va shifoxonada vafot etgan. Zo‘ravonlikka uchragan ayol dastlab holatni mahalla idorasiga ma’lum qilgan. Biroq mahalla bu haqda huquq-tartibot idoralariga xabar bermagan.
Haftaning birinchi yarmida O‘zbekistonda yomg‘ir va qor yog‘ishi kutilmoqda
Haftaning birinchi yarmida O‘zbekiston bo‘ylab asosan qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik kutilmoqda. Kunduzgi harorat 0…+5 daraja bo‘ladi. 12-fevraldan harorat asta-sekin ko‘tarila boshlaydi, 14-fevralga kelib havo +8…+11 darajagacha iliydi.
Qashqadaryoda 17 yoshli qiz o‘zini 16 qavatli uy tomidan tashlab halok bo‘ldi
Qarshi shahrida 17 yoshli qiz o‘zini 16 qavatli uy tomidan tashlab halok bo‘ldi. Hodisani ko‘rgan fuqarolar uni to‘xtatishga harakat qilgan, biroq qiz ularga quloq solmagan.
Buxorodagi magistral gaz quvurida gaz sizib chiqishi oqibatida yong‘in sodir bo‘ldi
Dushanba kuni Buxoro viloyatidagi “Buxoro-Ural” magistral gaz quvurida gaz sizib chiqishi bilan bog‘liq avariya yuz berdi. “O‘ztransgaz” va Energetika vazirligi “holatni bartaraf etish bo‘yicha barcha zaruriy choralar ko‘rilayotganini” ma’lum qildi.
Buxoroda noqonuniy saqlangan sher bolasi hayvonot bog‘iga topshirildi
Romitan tumanida fuqaro o‘z xonadonida yovvoyi sher bolasini noqonuniy ravishda saqlab kelgani aniqlandi. Unga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Sher bolasi hayvonot bog‘iga joylashtirildi.
Surxondaryoda yuk mashinasidagi supurgilar dastasi ichidan 612 kg “gashish” topildi — foto
“Ayritom” chegara bojxona postidagi yuk avtomobilida 2986 dona supurgi dastagi ichidan 612 kg “gashish” giyohvandlik vositasi topildi. Mashina O‘zbekistonga tranzit o‘tish uchun kirib kelgan. Giyohvandlik vositasining qora bozordagi narxi taxminan 16,5 mln dollarga baholanmoqda.
Samarqandda Cobalt va yuk mashinasi to‘qnashuvi oqibatida ikki kishi vafot etdi
Payariq tumanida Cobalt xavfli burilish paytida “KamAZ” bilan to‘qnashdi. Oqibatda yengil avtomobil haydovchisi va yo‘lovchisi shifoxonada vafot etdi.
2025-yilda “Soyali sayr ko‘chalari” tarmog‘i yaratiladi
Prezident farmoniga muvofiq, 2025-yilda “Soyali sayr ko‘chalari” tarmog‘i yaratiladi, sohil va daryo bo‘ylarida 80 ta infratuzilma obyekti va 110 kilometrdan ortiq sog‘lomlashtirish yo‘laklari quriladi.
Navoiy viloyatida 2025-yil “Alisher Navoiy yili” deb nomlanadi
Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan Navoiy viloyatida 2025-yil “Alisher Navoiy yili” deb nomlanadi. Yilni yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasi hamda chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Foto: Toshkentda O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma ochildi
Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi. Namoyishga 70 ga yaqin fotosuratga qo‘yilgan bo‘lib, ularning aksariyati muallifi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, fotorassom Abdug‘ani Jumadir. Ko‘rgazma 12-fevralgacha davom etadi.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari yana qariyb 30 kg giyohvand moddani musodara qildi
DXX va IIVning “Qoradori” operatsiyasi ikkinchi bosqichi 28,8 kg giyohvand modda va 9421 ta kuchli ta’sir etuvchi dori vositalarining musodara qilinishi bilan yakunlandi. Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar 18 ta o‘qotar va 126 ta sovuq qurol aniqlab, qidiruvda bo‘lgan 53 nafar shaxsni ushladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini monitoringdan o‘tkazish tartibi belgilandi
Adliya vazirligida “Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini monitoringdan o‘tkazish uslubiyoti” ro‘yxatdan o‘tkazildi. U normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini monitoringdan o‘tkazish jarayonlarini uslubiy jihatdan tartibga solinishini belgilaydi.
Toshkentda bolalarga litsenziyasiz xizmat ko‘rsatgan shifoxona aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi va SSV Toshkentdagi Nazar Medical shifoxonasi bolalar terapevtik stomatologiyasi bo‘yicha tibbiy faoliyat yuritish uchun litsenziyaga ega emasligini aniqladi. Qo‘mita klinikadagi tekshiruvni bir ayol va bolaga sifatsiz tibbiy xizmat ko‘rsatganidan so‘ng o‘tkazgan.
DXX qo‘shni davlatlardan olib kelingan qariyb 8 kg giyohvand moddalar savdosiga chek qo‘ydi
Farg‘onada Tojikiston va Qirg‘izistondan olib kelingan giyohvand moddalar aylanmasiga chek qo‘yildi. Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
O‘zbekiston turizm salohiyati targ‘ibotida Ispaniyaning “Atletiko” futbol klubi bilan hamkorlik qilishi mumkin
Madridning “Atletiko” futbol klubi O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini xalqaro maydonda targ‘ib qilishga ko‘maklashishi kutilmoqda. Turizm qo‘mitasi raisi Ispaniyaga tashrifi davomida klub mutasaddilari bilan uchrashdi va qo‘shma marketing hamda reklama kampaniyalarini o‘tkazish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Malaka sertifikatiga ega o‘zbek tili o‘qituvchilariga ustama to‘lanadi
Prezident farmoni bilan, maktablarda o‘zbek tili fanidan dars beruvi va milliy baholash tizimida tegishli sertifikatga ega o‘qituvchilarga har oyda tarif stavkasiga nisbatan 50% miqdorida ustama to‘lanadi.
Jahon
Rossiya Markaziy Osiyodagi ta’sirini yo‘qotish xavfidan xavotirda — FT
Rossiya o‘zining Markaziy Osiyodagi ta’sirini yo‘qotishdan xavotirda, deb yozdi FT. G‘arb MO davlatlarini sanksiyalarga rioya etishga majburladi va ularga jahon bozoriga kirishni taklif etdi. Mintaqa Rossiya biznesini siqib chiqarish orqali sanksiyalardan foyda ko‘rdi, Rossiyasiz ittifoqlarga birlashishga intilmoqda.
Xitoyda nikohlar soni 2024-yilda 20 foizga kamaydi
2024-yilda Xitoyda nikohlar soni beshdan bir qismga qisqardi: 6,1 milliondan ortiq juftlik nikohdan o‘tdi. Turmush qurishga bo‘lgan qiziqishning pasayishi uzoq vaqtdan beri Xitoyda bola parvarishlash va o‘qitishning qimmatligi bilan bog‘liq. Mamlakat aholisi ketma-ket uchinchi yil kamayib bormoqda.
Tramp po‘lat va alyuminiy importiga 25 foizli bojlar joriy etmoqchi
Donald Tramp AQShga po‘lat va alyuminiyning barcha importiga 25 foizli bojlar joriy etilishini e’lon qildi. Investorlarning Tramp siyosatining oqibatlaridan xavotirlari va xavfsiz aktivlarga bo‘lgan talab fonida oltin narxi rekord darajaga yetdi.
Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!