7-fevral kuni “Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini monitoringdan o‘tkazish uslubiyoti” Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Uslubiyot normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini monitoringdan o‘tkazish jarayonlarini uslubiy jihatdan tartibga solinishini belgilaydi.

Tadbirkorlik faoliyatiga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga hamda atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi qonun hujjatlarining ijrosi ular kuchga kirgandan so‘ng 5 yil davomida, qonunosti hujjatlarining ijrosi esa ular kuchga kirgandan so‘ng 3 yil davomida majburiy ravishda har yili monitoringdan o‘tkaziladi.

Monitoring normativ-huquqiy hujjatda uning monitoringi o‘tkazilishiga bevosita mas’ul etib belgilangan davlat organi tomonidan, mas’ul organ belgilanmagan hollarda tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshiruvchi vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshiriladi.

Normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish maqsadlariga erishilishini tahlil qilish, uning ijrosi va natijalarini muntazam hamda tizimli ravishda kuzatib borish monitoring qilishning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Normativ-huquqiy hujjatlar samaradorligini baholash uchun indikatorlar quyidagi toifalarga bo‘linadi:

  • resurs ko‘rsatkichlari;
  • amaliyot ko‘rsatkichlari;
  • natijadorlik ko‘rsatkichlari.

Vazirlik va idoralar har yili 1-fevralgacha o‘tkazilgan monitoring natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni majburiy ravishda o‘zlarining rasmiy veb-saytida e’lon qiladi hamda tegishliligiga qarab “Ijro.gov.uz” va Adliya vazirligiga taqdim etadi.