Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatidagi magistral gaz quvurida yong‘in sodir bo‘layotgani aytilgan videolar tarqaldi.

Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabariga ko‘ra, 10-fevral kuni soat 11:26 da “Gazli” magistral gaz quvurlari boshqarmasining diametri 1020 mm bo‘lgan 26 kg bosim ostidagi “Buxoro-Ural” magistral gaz quvurining yer ostidan o‘tgan 106 kilometrida avariya sodir bo‘lgan.

Gaz sizib chiqishi eng yaqin aholi punkti bo‘lgan Romitan tumanidagi Qizilrabot mahallasidan 40 km uzoqlikda joylashgan gaz quvurining er osti uchastkasida sodir bo‘lgan.

“Olib borilgan tezkor harakatlar natijasida soat 11:30 da muruvatlar yopilib, qoldiq gazlarni chiqib ketishi kuzatilgan. Hozirda avariya to‘liq bartaraf etildi”, — deyiladi xabarda.

Voqea joyiga viloyat FVB, tuman FVB boshlig‘i va 1 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yetib borgan. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q, deyiladi boshqarma xabarida.

FVBdan so‘ng bayonot e’lon qilgan Energetika vazirligi va “O‘ztransgaz” kompaniyasi (magistral gaz quvurlarini boshqaruvchi) “hozirgi vaqtda mazkur holatni bartaraf etish bo‘yicha barcha zaruriy choralar ko‘rilayotganinima’lum qildi.

“O‘ztransgaz”ning “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, muruvatlar soat 11:30 da yopilgan, shundan so‘ng quvurda qolgan gaz nazorat ostida chiqishda davom etmoqda (olov hanuz yonmoqda). U o‘chganidan so‘ng avariya xizmatlari ta’mirlash ishlariga kirishadi.

Tarmoqlarda gaz zapravkalar bugun soat 14:00 gacha ishlashi haqida xabarlar tarqaldi.

Energetika vazirligi respublikaning barcha hududlaridagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishini ma’lum qildi. Biroq vaqt o‘tib xabarning mazkur qismi olib tashlandi.

Keyinroq vazirlik qo‘shimcha o‘rganishlardan so‘ng barcha hududlardagi gaz zapravkalar avvaldan viloyat hokimliklari bilan kelishilgan tartibda, hozirgi rejimda ishlashda davom etishi belgilanganini eslatdi.

“Ularning faoliyati hududlardagi talab hamda gaz quvurlaridagi bosimdan kelib chiqqan holda yo‘lga qo‘yiladi. Shu bois avval berilgan ma’lumot qayta tahrirlandi. Bu masalada biron-bir o‘zgarish bo‘lsa, jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, — deyiladi xabarda.

“Gazli” magistral gaz quvurlari boshqarmasi (“Gazli” MGQB) “O‘ztransgaz” kompaniyasining tarkibiy bo‘linmasi bo‘lib, Gazli mintaqasida magistral gaz quvurlarini ekspluatatsiya qilish, texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bilan shug‘ullanadi. Ushbu boshqarma mamlakat ichida va eksportga tabiiy gazni yetkazib berishni ta’minlaydigan muhim gaz transport magistrallarini boshqaradi, jumladan “Buxoro-Ural” gaz quvurini ham.

“Buxoro-Ural” gaz quvuri O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiyani bog‘lab turadi va uzunligi 4500 km dan ortiq. Dastlab, 1963−1965-yillarda O‘zbekistondan Rossiyaga va boshqa davlatlarga tabiiy gazni tashish maqsadida qurilgan. 2014-yilning kuzida gaz quvuri teskari rejimda ishga tushirilgan, ya’ni gaz orqaga, O‘zbekiston tomonga yetkazila boshlandi.

Bugungi kunda magistral gaz quvuri O‘zbekiston ichki iste’molchilari uchun tabiiy gaz yetkazib berish maqsadida foydalanilmoqda.

Rossiyaning davlat korporatsiyasi “Gazprom” 2023-yilda “Buxoro-Ural” gaz quvuri orqali Qozog‘iston va O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni ko‘rib chiqqan.