O‘zbekistonning yirik shaharlarida yangi ekologik xavfli korxonalarni ishga tushirish to‘xtatiladi. Bu prezidentning davlat dasturini 2025-yilda amalga oshirish to‘g‘risidagi farmonida nazarda tutilgan.

Hujjatga ko‘ra, 1-maydan boshlab quyidagilar taqiqlanadi:

  • asbest, sement ishlab chiqarish, shlam va shlaklar;
  • teri-ko‘nchilik, parrandachilik fabrikalari;
  • samaradorligi yuqori bo‘lgan chang-gaz tozalash inshootlari bilan jihozlanmagan har qanday turdagi ko‘mir yoqish;
  • qora va rangli metallurgiya zavodlari, tarkibida zaharli aralashmalar bo‘lgan oyna, zaharli kimyoviy moddalar bilan ishlash;
  • xavflilik darajasining I va II sinfiga mansub chiqindilarni
    qayta ishlash va yoqish korxonalari.

Bundan tashqari, 1-oktabrga qadar ko‘rsatilgan va energiya sarfi yuqori bo‘lgan yo‘nalishlardagi mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilgan holda Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlaridan bosqichma-bosqich ko‘chirish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish ko‘zda tutilgan.

2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida 1-maydan boshlab Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida atmosferaga zarar yetkazuvchi yangi loyihalar bo‘yicha ekologik ekspertiza xulosalarini bermaslik ko‘zda tutilgan.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining ma’lum qilishicha, Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida atrof-muhitga yuqori darajada ta’sir ko‘rsatadigan yangi loyihalarni amalga oshirishning taqiqlanishi, shuningdek, mavjud 168 ta sanoat korxonasining bosqichma-bosqich ko‘chirilishi hududlarning ekologik barqarorligini ta’minlaydi.

Sanoat korxonalari joylashgan hududlarda yangi ish o‘rinlari va infratuzilma obyektlari (yo‘llar, elektr energiyasi, gaz va suv ta’minoti) yaratiladi. Yuqori samarali chang va gaz tozalash qurilmalari bilan jihozlanmagan korxonalar faoliyatini taqiqlash atmosferaga chiqindi gazlar miqdorini kamaytiradi.

Shu bilan birga, energiya manbai sifatida ko‘mirdan foydalanadigan barcha korxonalarda chang va gazdan tozalash tizimlari o‘rnatiladi, sanoat chiqindilarini qayta ishlash va ulardan qurilish materiallari ishlab chiqarishda foydalanish dasturlari tuziladi, parrandachilik korxonalari uchun bioenergetika texnologiyalari va ko‘nchilik korxonalari uchun oqava suvlarni tozalash tizimlari joriy etiladi, deyiladi xabarda.

Xalqaro tajriba

Ekologiya vazirligi bu boradagi xalqaro tajribaga to‘xtaldi. Xavfli chiqindilarni chegaralararo tashish va yo‘q qilib yuborish ustidan nazorat qilish to‘g‘risidagi Bazel konvensiyasida asbest chiqindilarini (changi va tolasi) xavfli chiqindilar sifatida tasniflanadi. Konvensiya O‘zbekistonda 1996-yilda qabul qilingan. Germaniyada esa Rur regioni transformatsiyasi tajribasi asosida uglerod yoqilg‘isida faoliyat yurituvchi korxonalar aholi zich joylashgan hududlardan sanoat hududlariga ko‘chirilgan. Natijada havo ifloslanishi 60 foizga kamaygan.

Shu bilan birga, Xitoyda 1990 — 2000-yillarda Pekin, Shanxay va Guanchjou shaharlaridagi metallurgiya va kimyo korxonalari ta’sirida havo va suvning ifloslanish darajasi keskin ortgani bois 2010-yildan boshlab ishlab chiqarishlarni megapolislardan tashqariga ko‘chirish amaliyoti boshlangan. Unga asosan, Pekindagi Shougang Group metallurgiya korxonasi shahardan 100 km uzoqdagi Xebey viloyatiga ko‘chirilgan. Bundan tashqari, Olmaota, Jakarta kabi shaharlarda atrof-muhit holatini yaxshilashda ushbu mexanizmlardan foydalanilgan.

Ekologiya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda shaharlarda sanoat korxonalari uglevodorod yoqilg‘ilarini yoqishdan tashqari, ekologik xavfli mahsulotlar ishlab chiqarish orqali ham atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Masalan, 2023-yilda ifloslantirilish darajasi bo‘yicha tashlamalarning umumiy miqdori 1,8 mln tonnani tashkil qilib, shundan 1,0 mln tonnasi (57 foiz) transport vositalari hamda 800,0 ming tonnasi (43 foiz) sanoat va ishlab chiqarish korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Respublikada 2023-yilda 7036 ta ishlab chiqarish korxonasida 125,6 mln tonna sanoat chiqindilari hosil bo‘lgan.

Bundan tashqari, iqtisodiyot tarmoqlarida ko‘mirdan va kuz-qish mavsumida aholiga markazlashgan issiqlik yetkazib berishda mazutdan foydalanish hajmi oshgan. 2019-yilda 3,9 mln tonna ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanilgan bo‘lsa, 2023-yilda 11 mln tonnaga yetgan. So‘nggi 2 yil mobaynida mazutdan foydalanish deyarli 5 barobar ortgan. Oqibatda aholi o‘rtasida turli xil surunkali kasalliklar, jumladan, astma, allergiya, o‘pka bronxiti va boshqa kasalliklar kelib chiqmoqda, deyiladi vazirlik xabarida.

O‘tgan yilning mart oyida prezident bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda sanoat korxonalarini bosqichma-bosqich poytaxtdan tashqariga ko‘chirish rejalari e’lon qilingan edi, bu Toshkent viloyati uchun katta imkoniyat ekani ta’kidlangan.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentda PM2,5-mayda zarrali changlar ta’siri oqibatida yiliga 3042 kishi bevaqt vafot etmoqda. Aholi salomatligiga yetkazilayotgan zarar 488,4 mln dollarga baholanmoqda. Poytaxt aholisining 83 foizi havosi yuqori darajada ifloslangan hududlarda istiqomat qiladi.