2025-yil yanvar oyida O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi 0,72 foizni tashkil etdi, deya xabar berdi prezident huzuridagi Statistika agentligi.
Bu 2024-yil yanvar oyidagi ko‘rsatkichdan (0,64 foiz) yuqori, lekin 2023-yil yanvar oyidagi inflyatsiya darajasidan (0,82 foiz) past.
Yillik inflyatsiya (o‘tgan yilning yanvariga nisbatan) 9,89 foizgacha tezlashdi (dekabrda 9,8 foiz edi).
Yilning birinchi oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxi 0,8 foizga (so‘nggi bir yil davomida 2,6 foizga), nooziq-ovqat mahsulotlari narxi 0,3 foizga (7,7 foiz), pullik xizmatlar narxi 1,1 foizga (27 foiz) oshdi.
Yanvar oyida narx o‘sishi asosan quyidagi iste’mol mahsulotlarida kuzatildi: suyakli mol go‘shti — 1,1 foiz (so‘nggi bir yilda 14,8 foiz), qo‘y go‘shti — 1,2 foiz (16,2 foiz), kungaboqar yog‘i — 2,2 foiz (18,1 foiz), paxta yog‘i — 1,9 foiz (19,5 foiz), sut — 0,3 foiz (0,8 foiz).
Oxirgi bir oyda tuxum narxi keskin — 14,3 foizga (-22,4 foizga) pasaydi, guruch va guruch oqshog‘i — 1 foizga (-6,9 foiz), tovuq go‘shti — 0,1 foizga (-2,1 foiz), shakar — 0,7 foizga (-4,1 foiz) arzonladi.
Kartoshka narxi 23,9 foizga (kartoshka narxining oshishi sabablari haqida avvalroq xabar berilgandi), piyozniki 3,4 foizga, sabziniki 2,9 foizga, baqlajonniki 59,6 foizga, bulg‘or qalampiriniki 13,2 foizga, limonniki 7,9 foizga, karamniki 6,9 foizga, bananniki 6,5 foizga oshdi.
Pomidor (-1,1 foiz) va bodring (-1,7 foiz) arzonladi.
Infografika: Statistika agentligi
So‘nggi 12 oy davomida kartoshka 68,1 foizga, sabzi 24,1 foizga, karam 13,1 foizga, piyoz 1,9 foizga qimmatlagan. Shu vaqt ichida bodring narxi 21,7 foizga, pomidor 36,9 foizga, olma 14,4 foizga arzonlagan.
Yanvar oyida alkogolli ichimliklar 0,4 foizga (yil davomida 10 foizga), tamaki mahsulotlari 0,7 foizga (11,8 foiz) qimmatladi.
Yanvar oyida tariflarning oshishi kommunal xizmatlarning asosiy turlaridan faqat chiqindilarni olib ketish xizmatlarida (4,6 foiz) qayd etildi. Turar joylarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash uchun materiallar, shuningdek, ta’mirlash bo‘yicha xizmatlar narxida biroz o‘sish kuzatildi (0,1−0,3 foiz).
Eng yuqori yillik inflyatsiya gaz (2,3 baravar o‘sish) va elektr energiyasi (1,7 baravar o‘sish) bilan ta’minlash xizmatlarida bo‘lib qolmoqda.
Dori-darmonlar narxi yanvar oyida yana 0,7 foizga, yil davomida esa 25,2 foizga, jumladan antibiotiklar narxi 28 foizga oshgan. Statsionar davolanish xizmatlari yillik hisobda 13,5 foizga qimmatladi.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan oyda avtomobillar uchun yoqilg‘i sifatida foydalaniladigan gaz narxida pasayish kuzatilgan. Propan narxi 13,2 foizga pasaygan (yillik hisobda 8,3 foizga oshgan). Metan narxi esa 0,1 foizga arzonlagan (yil davomida 20,9 foizga oshgan).
Benzin narxi bir oy ichida 1,5 foizga (yillik hisobda 3,9 foizga) oshdi.
Yillik hisobda poyezdlar uchun chipta narxi o‘rtacha 13,2 foizga (yanvarda — 0,9 foizga), taksilarda yo‘lkira narxi 12,1 foizga oshgan, aviachiptalar esa 0,8 foizga arzonlagan.
Yanvar oyida gazeta va davriy jurnallar narxi o‘rtacha 15,3 foizga oshdi. Kinoteatr xizmatlari narxlari 3,7 foizga (yil davomida 20,5 foizga), teatr xizmatlari narxlari 3 foizga (yillik hisobda 12,6 foizga) oshdi. Madaniyat va istirohat bog‘lari xizmatlari yil davomida 22,4 foizga qimmatladi.
Davlat bog‘chalari xizmatlari narxi bir oy davomida 21 foizga (yil davomida 45,2 foiz), xususiy bog‘cha xizmatlari narxi 1,1 foizga (11,3 foiz), repetitorlik xizmatlari narxi 1 foizga (16,2 foiz) oshgan.
Yanvar oyida mehmonxona xizmatlari sohasida narxlarning o‘sishi 5,7 foizni tashkil etdi. Biroq yillik hisobda mehmonxona xizmatlari narxi 10,5 foizga oshgan.
O‘tgan oyda respublikaning barcha hududlaridagi dam olish maskanlari xizmatlari narxi 4,1−17,5 foiz oralig‘ida oshdi.
Qimmatbaho metallardan yasalgan nikoh uzuklari yana 3,8 foizga qimmatladi.