Buxoro viloyati Romitan tumanining Qoqishtuvon mahallasida yashovchi fuqaro o‘z xonadonida yovvoyi sher bolasini noqonuniy ravishda saqlab kelayotgani aniqlandi. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati xabar qildi.

Buxoro viloyati Ekologiya boshqarmasi, tuman ichki ishlar bo‘limi va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda fuqaro tegishli ruxsatnomasiz yovvoyi hayvonni saqlayotgani tasdiqlandi.

Holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 92−1-moddasi 1-qismi (Saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni saqlash) asosida huquqbuzarga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ish sudga oshirildi. Sher bolasi vaqtinchalik hayvonot bog‘iga joylashtirildi. Sud qaroridan so‘ng qo‘shimcha ma’lumot berilishi kutilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 5-noyabrdagi qaroriga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan boshlab ayrim yovvoyi hayvonlarni jismoniy shaxslar tomonidan yarim erkin sharoitda yoki tutqunlikda saqlash taqiqlanadi. Shu bilan birga, yovvoyi hayvonlardan davlat va ko‘chma sirklarda tomosha uchun foydalanish ham man etiladi.

Faqatgina Ekologiya vazirligining tegishli ruxsatnomasiga ega yuridik shaxslar hayvonlarni hayvonot bog‘lari, pitomniklar va shunga o‘xshash muassasalarda saqlashi mumkin. Qizil kitobga kiritilgan yovvoyi hayvonlar esa maxsus pitomniklarda boqilishi lozim.