Joriy haftaning birinchi yarmida O‘zbekiston hududi nam va nisbatan sovuq havo massasi ta’sirida bo‘ladi, deya xabar berdi O‘zgidromet. Respublika bo‘yicha vaqti-vaqti bilan asosan qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda.
13-fevralda markaziy va sharqiy viloyatlarda ayrim joylarda, shuningdek, O‘zbekistonning cho‘l hududlarida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi.
14-fevralda respublikaning ko‘pchilik viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat eng chekka janubda ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin, tog‘oldi va tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi.
Havo harorati 10−11-fevralda kunduzi 0…+5 daraja, kechasi 0…-5 daraja, shimolda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda −6…−8 darajagacha bo‘ladi.
12-fevraldan haroratning asta-sekin ko‘tarilishi boshlanadi va 13−14-fevralga kelib havo kunduzi +8…+11, janubda +12…+14 darajagacha iliydi.
G‘arbiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, sharqdan 7−12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 15−20 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Toshkentda dushanba kuni kechqurun biroz qor yog‘ishi mumkin. 11−12-fevralda vaqti-vaqti bilan asosan qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik, 13-fevralda yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi. 14-fevral kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Havo harorati kechasi −3…+2, kunduzi 10−11-fevralda 0…+5, 12−14-fevralda +8…+10 gacha asta-sekin ko‘tariladi.
Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. G‘arbiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi.