Anorbank xususiy raqamli banki Toshkent markazida joylashgan O‘zbekiston Energetika vazirligi va “O‘ztransgaz” davlat kompaniyasi binolarini jami 439,6 milliard so‘mga (33,97 million AQSh dollari) sotib oldi. Bu ma’lumot Korporativ axborot yagona portalida e’lon qilingan muhim ma’lumotlardan ma’lum bo‘ldi.
Bank kuzatuv kengashi 2024-yil 26-dekabrda Istiqbol ko‘chasi, 21-uydagi binolarni sotib olish haqida qaror qabul qilgan. Ushbu manzilda Energetika vazirligi joylashgan (Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti va Hampton by Hilton mehmonxonasi ro‘parasida).
Ko‘chmas mulk obyekti ko‘p qavatli uylar va turar joylarni ijaraga berish hamda boshqarish bilan shug‘ullanuvchi Neft Gaz Bino Inshoat kompaniyasiga tegishli. Bu “O‘zbekneftgaz”ning sho‘ba korxonasi hisoblanadi. Davlat kompaniyasi rahbarlari hozirda Toshkent shahridagi Istiqbol ko‘chasi 16 va Amir Temur shoh ko‘chasi 64-uydagi ikkita ofis binosida, shuningdek, Qarshida faoliyat yuritmoqda.
“Gazeta.uz” o‘rgangan davlat xaridlari portalidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilda Energetika vazirligi Neft Gaz Bino Inshoat binolari ijarasi uchun oyiga 412 mln so‘m (yiliga 4,94 mlrd so‘m) to‘lagan bo‘lsa, 2024-yilda ijara narxi 32 foizga oshib, oyiga 544,3 mln so‘mni (yiliga 6,5 mlrd so‘m) tashkil etdi.
27-yanvar kuni (bank saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra — 27-dekabr) Anorbank va Neft Gaz Bino Inshoat 254,55 mlrd so‘mlik (Markaziy bank kursi bo‘yicha 19,62 mln dollar) oldi-sotdi shartnomasini imzoladi. Bu bank sof aktivlarining 25,77 foizini tashkil etdi. Yirik bitim fakti 3-fevral kuni ma’lum bo‘ldi.
Anorbank kuzatuv kengashi 10-yanvar kuni Energetika vazirligiga yaqin joylashgan Shahrisabz ko‘chasi, 85A-uyda joylashgan “O‘ztransgaz” binosini sotib olish to‘g‘risidagi qarorni ham ma’qullagandi. Shu kuni 185,03 mlrd so‘mlik (Markaziy bank kursi bo‘yicha 14,28 mln dollar) oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirildi — bu bank sof aktivlarining 18,11 foizini tashkil etadi. Bitim haqidagi fakt 13-yanvar kuni e’lon qilindi.
Bu xabarga birinchi bo‘lib moliyachi Otabek Bakirov e’tibor qaratdi. Uning taxminicha, muassasa binolarining sotilishi Energetika vazirligining qurilayotgan “Yangi Toshkent”ning birinchi tumaniga ko‘chib o‘tishi bilan bog‘liq bo‘lib, kelajakda barcha davlat idoralari u yerga ko‘chirilishi rejalashtirilgan.
Dekabr oyi oxirida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Energetika vazirligi Yangi Toshkentga ko‘chishi haqida xabar bergan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-dekabr kuni yangi shahar qurilishining birinchi bosqichi bilan tanishgandi. O‘shanda davlat rahbariga vazirliklar ishlashi uchun yengil konstruksiyali vaqtinchalik binolar ko‘rsatilgan. Bu poytaxt ko‘chalaridagi tirbandlikni kamaytirishga yordam berishi aytildi.
Jo‘rabek Mirzamahmudov va Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi vaqtinchalik binoda, 2024-yil 28-dekabr.
“Prezident loyihani ma’qulladi. Direksiya tomonidan Yangi Toshkentning qoq markazida zamonaviy arxitekturani mujassam etgan vazirligimizning yangi binosini quriladi. Nafaqat vazirlik, balki vazirlik tarkibidagi barcha korxonalar ham joylashadi. Hozirgi kunda Toshkentning 22 ta yerida joylashib, noqulaylik tug‘dirayotgan bo‘lsak, endi bir yerda joylashamiz. Ishimizning barcha bosqichlari muvofiqlashtirilgan va kelishilgan bo‘lishi uchun zamonaviy bino barpo etiladi. Vazirliklar, idoralar, xo‘jalik subyektlar bosqichma-bosqich ko‘chib o‘tadi, yangi binolar, xodimlar uchun turar-joylar va infratuzilma quriladi”, — degan edi o‘shanda vazir.
Bunda davlat mulki obyektlarini sotishdan oldin kim oshdi savdosi yoki tanlov o‘tkazilgani haqida ma’lumot berilmagan. Bakirov bank sohasidagi manbalarga tayanib, Anorbank sotib olingan binolar o‘rnida yangi biznes markazini qurishi mumkinligini ma’lum qildi.
Bank hozircha bitim bo‘yicha sharh bermadi. Tahririyat “O‘zbekneftgaz” va Energetika vazirligidan izoh ololmadi.
1-yanvar holatiga ko‘ra, Anorbank aktivlari 10,1 trln so‘mni (mamlakatdagi 36 ta bank orasida 18-o‘rin), depozitlari 8,74 trln so‘mni (xususiy banklar orasida 7-o‘rin), kapitali 1,02 trln so‘mni tashkil etdi.