7-fevral kuni “Buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy ijodiy merosini yurtimiz va jahon miqyosida keng targ‘ib qilish hamda Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili”ni yuqori darajada o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-43-son] qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar qildi.
Qarorga ko‘ra, Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan Navoiy viloyatida 2025-yil “Alisher Navoiy yili” deb nomlanadi.
Alisher Navoiy ijodiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish hamda Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili”ni yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasi hamda chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Alisher Navoiy merosini o‘rganish ishlarini yuqori bosqichga ko‘tarish maqsadida mamlakat va chet ellarda tizimli asosda ilmiy izlanishlar olib borish va ularning natijalarini e’lon qilish, ushbu mavzuda yangi ilmiy, badiiy va ommabop asarlar yaratish, xorijdagi navoiyshunos olim hamda ijodkorlarning asarlarini o‘zbek tilida nashr etish choralarini ko‘rish Respublika komissiyasining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
“Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” an’anaviy xalqaro simpoziumi va navoiyxonlik tadbirlari yuqori saviyada o‘tkaziladi.
Navoiy davlat universitetida 2025-yil 10−15-oktabr kunlari “Alisher Navoiy ilmiy-adabiy merosining umumbashariyat ma’naviy va ma’rifiy taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi.
“Hazrat Navoiyni anglash — o‘zligimizni anglash” mavzusida respublika tanlovi, shuningdek, ta’lim tashkilotlari va mahallalarda “Navoiyxonlik kechalari” tashkil etiladi.