Toshkent shahridagi Nazar Medical shifoxonasi bolalarga tegishli litsenziyasiz stomatologik xizmat ko‘rsatib kelgani aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar qildi.

Qayd etilishicha, qo‘mitaga fuqaro Sh. G. murojaat qilib, farzandlari va ayolini Nazar Medical klinikasiga tishlarini davolatish uchun olib borganini, bir necha kunlik muolajadan keyin sifatsiz xizmat ko‘rsatilgani sababli plombalari tushib ketganini ma’lum qildi. U to‘langan pullarni qaytarish va klinikaga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.

Murojaat asosida Raqobat qo‘mitasi Nazar Medical klinikasini jalb qilgan holda tekshiruv o‘tkazdi. Korxona tomonidan iste’molchiga tibbiy xizmat ko‘rsatilgani va ular amaldagi talablarga muvofiq bajarilgani qayd etildi.

Shu bilan birga, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus vakolatli organ — Sog‘liqni saqlash vazirligini jalb etgan holda o‘rganishlar o‘tkazildi. Unda Nazar Medical klinikasi bolalar terapevtik stomatologiyasi bo‘yicha tibbiy faoliyat yuritish uchun litsenziyaga ega emasligi ma’lum bo‘ldi.

Ekspert xulosasiga ko‘ra, klinika bemorga ko‘rsatilgan stomatologik xizmatni tegishli klinik protokollarga muvofiq amalga oshirmagan. Shuningdek, fuqaroning farzandi uchun tegishli tibbiy hujjatlar taqdim etilmagan.

Tekshiruv natijasida to‘plangan hujjatlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun vakolatli organga yuborildi. “Nazar Medical” MCHJga nisbatan litsenziya talablarini buzgani uchun kamchiliklarni bartaraf etish va amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot taqdim etish bo‘yicha qaror chiqarildi.