Samarqand viloyatida 27 yoshli Shahnoza ismli ayol turmush o‘rtog‘i tomonidan kaltaklanganidan so‘ng vafot etdi. Bu haqda marhumaning yaqin qarindoshi Nemolchi.uz`ga orqali ma’lum qildi.

2025-yil 6-yanvar kuni Shahnoza erining zo‘ravonligidan so‘ng darhol ichki ishlar idoralariga murojaat qilmasdan, mahalladan yordam so‘rab chiqqan. Biroq na mahalla, na boshqa mahalliy organlar bu holat haqida huquq-tartibot idoralariga xabar berishgan yoki uning xavfsizligini ta’minlash uchun choralar ko‘rishgan. 12-yanvar kuni ayolning onasi Rossiyadan kelib, uni kasalxonaga olib borgan.

“Abbos xotinini bolalarining ko‘z o‘ngida kaltaklagan, ular hammasini buvisiga aytib berishgan. Kaltaklagandan keyin u shifokorga ko‘rinishga ruxsat bermay sigirlarga qarashga majburlagan”, — deyiladi xabarda.

Kasalxonaga yotqizilgan vaqtda ayolning tanasida eski va yangi gematomalar mavjudligi aniqlangan. Lekin ayolning sog‘lig‘i yuzasidan to‘liq tekshiruv o‘tkazilmagan. Shifokorlar unga faqat umumiy — stress va ko‘karishlar tashxisini qo‘yish bilan kifoyalangan. Marhumaning eri ham kasalxonaga kelib, uni kaltaklamaganini aytishni talab qilib, jabrlanuvchini videoga olgan.

1-fevral kuni Shahnozaning ahvoli og‘irlashib, reanimatsiyaga o‘tkazilgan va o‘sha yerda vafot etgan.

“Ayolning onasi qizining ichki jarohatlari bor-yo‘qligi, o‘limiga nima sabab bo‘lganini haligacha bilmaydi. Tergov ishlari hozirgi holati haqida oilaga hech qanday ma’lumot berilmagan. 16-yanvar kuni marhumaning onasi ichki ishlar organlariga ariza bilan murojaat qilgan. Biroq jinoiy ish qo‘zg‘atish o‘rniga, undan kaltaklanish haqida gapirmaslikni so‘rashgan va bu holat chuqur o‘rganilmagan. Ayolning o‘limidan keyin sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazilganiga qaramay, gumonlanuvchi hali ham ozodlikda qolmoqda”, — deya ta’kidlaydi Nemolchi.uz.

Nemolchi.uz harakati ushbu voqeani o‘rganishni davom ettirishini va vaziyatga befarq bo‘lgan barcha mas’ullarning javobgarlikka tortilishini talab qilmoqda.