Shavkat Mirziyoyev 10-fevral kuni atom energetikasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xabarda ta’kidlanishicha, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining o‘sib borayotgan ehtiyojini ta’minlash uchun O‘zbekistonda energetikaning barcha manbalari ishga solinmoqda. Xususan, an’anaviy generatsiyadan tashqari, so‘nggi yillarda qariyb 4 gigavattli muqobil quvvatlar ishga tushirilgan va “yashil” energiya ulushi 16 foizga yetgan.

Kelgusi besh yilda yana 25 gigavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurish rejadashtirilgan. Bularning hisobiga yiliga 64 milliard kilovatt soat “yashil” energiya olinadi. Umuman, 2030-yilga borib, mamlakatda jami generatsiyada “yashil energiya” ulushini 50 foizdan oshirish maqsad qilingan.

aes, atom energetikasi, energetika

Ayni paytda raqamli texnologiyalar, elektromobillar, elektr jihozlar, sun’iy intellekt, mayning kabi tarmoqlarning rivojlanishi energiyaga bo‘lgan talabni keskin oshirmoqda, qayd etdi prezident ofisi. Shu bois ko‘plab davlatlar yangi turdagi energiya quvvatlariga o‘tish yo‘llarini izlamoqda. Yer qa’ridan qazib olinadigan yoqilg‘ilar o‘z o‘rnini qayta tiklanuvchi manbalarga bo‘shatib bermoqda. Jumladan, hozirda dunyodagi jami generatsiyaning 42 foizi muqobil energiyaga to‘g‘ri keladi.

“Uzoq yillik quvvatlarni barpo etishda atom energetikasi maqbul hisoblanadi. Hozirgi kunda dunyoda 375 gigavattli 417 ta atom reaktorlari ishlatilmoqda. Yana yangi stansiyalar qurilyapti, ko‘p davlatlar atom energetikasini o‘zining rivojlanish strategiyasiga kirityapti”, — deyiladi xabarda.

Mamlakatda uran zaxirasi borligidan foydalanib, uzoq muddatga mo‘ljallangan quvvat tashkil etish rejalashtirilgan. Xususan, kichik quvvatli reaktorlar qurish loyihasi ishlab chiqildi. 2024-yil 5-dekabrda Samarqand shahrida atom energiyasidan foydalanish masalalari bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

aes, atom energetikasi, energetika

Yig‘ilishda mutasaddilar atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar bo‘yicha axborot berdi. Davlat rahbari bo‘lajak stansiya va tizimda ishlaydigan mutaxassislarni hozirdan tayyorlash, xavfsizlikni Xalqaro atom energiyasi agentligi talablari darajasida ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bunday texnologiyalar iqtisodiyot raqobatdoshligini oshirib, uzoq muddatli o‘sish sur’atlari uchun munosib zamin yaratadi, dedi u.