Bosh prokuraturaga kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini (quyosh panellari) o‘rnatishni ta’minlash topshirildi. Bu prezidentning 7-fevraldagi 2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturini amalga oshirish to‘g‘risidagi qarorida nazarda tutilgan.
Bosh prokuror o‘rinbosari Shoxrux Aminov quyosh panellari va geliokollektorlar o‘rnatilishida qonunchilik talablariga so‘zsiz rioya etilishi ustidan qat’iy nazoratni amalga oshirib boradi.
“Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil iqtisodiyot” yili”da, shuningdek, respublika energobalansida qayta tiklanuvchi energiya ulushini oshirish, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida yirik “yashil energiya” stansiyalarini barpo etish, hududlarda kichik va mikro gidroelektr stansiyalari tarmog‘ini kengaytirish, aholi xonadonlarida quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish belgilangan.
2025-yilda umumiy quvvati 4,5 GVt bo‘lgan yirik quyosh va shamol elektr stansiyasini ishga tushirish, quvvati 785 megavatt bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatish, quvvati 225 megavatt bo‘lgan gidroelektr stansiyalarini barpo etish orqali jami qayta tiklanuvi energiya manbalari ulushini elektr energiyasi ishlab chiqarishda 26 foizga va jami generatsiya quvvatlari tarkibidagi ulushini 40 foizga yetkazish reja qilinmoqda.
Energetika vazirligi Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur yilda quyosh panellari va geliokollektorlarni tuman va shaharlar kesimida o‘rnatish dasturini, bundan tashqari, 2025−2026-yillarda respublika hududlarida mikro gidroelektr stansiyalarini qurish dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi kerak.
Prezident 27-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda resurs tejaydigan iqtisodiyot modelga o‘tish vaqti kelganini aytgandi. O‘zbekistonda jami quvvatlardagi “yashil” energiyaning ulushini 16 foizdan 26 foizga oshirish rejalashtirilmoqda. Kam uglerodli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 300 mln dollar jalb qilinadi.
Yig‘ilishda quyosh batareyalari va suv isitgichlarini o‘rnatishni rag‘batlantirish uchun 2 trln so‘m mablag‘ ajratish masalasi muhokama qilingan. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning ta’kidlashicha, 2 yil ichida aholi va xo‘jalik subyektlarini kamida 50 foiz tomlarini quyosh panellari bilan qoplash reja qilinmoqda.
Bosh prokuror o‘rinbosari Shoxrux Aminov 2025-yilda aholi, kichik biznes va ijtimoiy soha obyektlari tomonidan iste’mol qilinadigan elektr energiyasining kamida 40 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga qoplanishi ko‘zlanganini bildirgan. U bu vazifa “so‘zsiz” bajarilishini ta’kidlagan.
28-yanvar kuni u yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika shtabining kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazgan. Uchrashuvda 100 mingta obyektda va 150 mingta xonadonda jami 600 MVt quvvatda quyosh paneli o‘rnatish reja qilingani ma’lum bo‘lgan. Vazifa ijrosini ta’minlash maqsadida joylarda mahalliy hokimliklar, bojxona organlari, “O‘zenergoinspeksiya”, tijorat banklari, ta’minot korxonalari va boshqa tegishli idoralardan iborat ishchi guruh tuziladi.