2025-yil 1-fevraldan boshlab O‘zbekiston maktablardagi o‘zbek tili fani o‘qituvchilariga ustama to‘lash boshlanadi. Bu haqda tegishli prezident farmoniga tayanib maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova Telegram kanalida ma’lum qildi.

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi farmonga ko‘ra, vazirlik tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘zbek tili (davlat tili) fani bo‘yicha dars beruvchi ayrim pedagog kadrlarga ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadi.

Buning uchun o‘qituvchi Bilim va malakalarni baholash agentligining milliy baholash tizimida olingan tegishli darajadagi o‘zbek tili va adabiyoti sertifikatiga ega bo‘lishi lozim.

Avvalroq prezident yig‘ilishida malaka toifasini oshirgan pedagoglar rag‘batlantirilishi, ularga to‘plagan baliga qarab 70 foizgacha ustama berilishi xabar qilingandi. Davlat rahbari malaka sinovlari tartibini takomillashtirish, sog‘lom raqobat muhitini yaratib, barcha pedagoglarga teng imkoniyat berish zarurligini ta’kidlagan.