2024-yil yakuniga ko‘ra O‘zbekiston iqtisodiyotining kuzatilmaydigan hajmi 505 trln so‘mdan oshdi, deya xabar berdi Statistika agentligi.
Kuzatilmaydigan iqtisodiyot — doimiy statistika kuzatuvlarida to‘liq yoki qisman qamrab olinmagan, shuningdek, statistika ko‘rsatkichlarida aks ettirishda bilvosita usullar orqali baholanadigan iqtisodiy faoliyat turlari.
Norasmiy iqtisodiyot — uy xo‘jaliklari yoki jismoniy shaxslar tomonidan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tmagan holda amalga oshiriladigan ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) bilan bog‘liq iqtisodiy faoliyat.
Yashirin iqtisodiyot — qonun bilan man etilmagan, ammo soliqqa tortilmaslik va qonun hujjatlari talablariga rioya qilmaslik maqsadida davlat organlaridan ataylab berkitilgan iqtisodiy faoliyat.
Avval xabar berganimizdek, 2024-yilda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsuloti (YAIM) 6,5 foizga o‘sib, 1,45 trln so‘mni (deyarli 115 mlrd dollarni) tashkil etdi.
2024-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kuzatilmaydigan (norasmiy va yashirin) iqtisodiyotning yalpi qo‘shilgan qiymati hajmi 505 trln 650,1 mlrd so‘mni, uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi esa 34,8 foizni tashkil etdi.
Norasmiy iqtisodiyotning yalpi qo‘shilgan qiymati hajmi 383 trln 643,7 mlrd so‘m va uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 26,4 foiz bo‘ldi. Yashirin iqtisodiyotning yalpi qo‘shilgan qiymati hajmi esa 122 trln 6,5 mlrd so‘mni, uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 8,4 foizni tashkil etdi.
Norasmiy va yashirin iqtisodiyot hajmining tarmoqlar bo‘yicha tarkibida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi 63,6 foizni, qurilish 41,3 foizni, xizmatlar sohasi 40,1 foizni va sanoat 8,9 foizni tashkil etgan.
Avvalroq O‘zbekistonda Xalqaro valyuta jamg‘armasi rahbarligida “kuzatilmaydigan” iqtisodiyot hajmini baholash bo‘yicha tadqiqot o‘tkazilgan edi. Uning natijalariga ko‘ra, 2024-yili O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 1,192 kvadrillion so‘mni tashkil etdi (101,6 mlrd dollar). Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, yalpi ichki mahsulot hajmi qayta ko‘rib chiqilishidan oldin YAIM 1,066 kvadrillion so‘mni tashkil qilgan. Kuzatilmaydigan iqtisodiyotni hisobga olish nominal ko‘rsatkichning 11,8 foizga o‘sishiga olib keldi, bu qo‘shimcha 125,6 trln so‘m (10,7 mlrd dollar) degani.
Dekabr oyida Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev O‘zbekiston besh yil ichida yashirin iqtisodiyotni ikki barobarga qisqartirishni va 2025-yilgacha budjetga qo‘shimcha 20 trln so‘m jalb qilishni rejalashtirayotganini aytgandi. Bu maqsadda soxta tadbirkorlik, narxlarni manipulyatsiya qilish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash sxemalari ustidan nazorat kuchaytiriladi.
2023-yilning sentabr oyida ekspertlar tomonidan yashirin iqtisodiyot hajmi 32 mlrd dollar (YAIMning qariyb 40 foizi) deb baholangan edi. O‘shanda asosiy tarkibiy qismlar ikkilamchi uy-joy va avtomobil bozori, qishloq xo‘jaligi, norasmiy savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi ekani aytilgandi.