Prezident Donald Tramp AQShga po‘lat va alyuminiyning barcha importiga allaqachon mavjud bo‘lgan metall bojlariga qo‘shimcha ravishda 25 foizli bojlar joriy etishini e’lon qildi. Bu haqda u 9-fevral kuni ma’lum qildi, deb yozadi Reuters.
Tramp, shuningdek, shu hafta oxirida AQShdan importni soliqqa tortadigan barcha mamlakatlar uchun o‘zaro bojlar e’lon qilinishini aytdi. “Agar ular bizdan haq olishsa, biz ulardan haq olamiz”, — dedi u qaysi mamlakatlarga ta’sir ko‘rsatishiga aniqlik kiritmasdan.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlardagi eng yirik po‘lat yetkazib beruvchilar Kanada, Braziliya, Meksika, Janubiy Koreya va Vetnamdir.
Birlamchi alyuminiyning eng yirik yetkazib beruvchisi Kanada hisoblanadi, uning hissasiga 2024-yil yanvar-noyabr oylarida umumiy importning 79 foizi to‘g‘ri keldi. Meksika alyuminiy chiqindilari va alyuminiy qotishmalarining eng yirik yetkazib beruvchisidir.
Trampning bayonoti allaqachon Janubiy Koreyaning asosiy po‘lat va avtomobil ishlab chiqaruvchilari aksiyalari narxining pasayishiga olib keldi. Janubiy Koreya AQShning yirik po‘lat eksportchisi hisoblanadi. 2024-yilning yanvar-noyabr oylarida mamlakat Qo‘shma Shtatlarga qariyb 4,8 milliard dollarlik po‘lat yetkazib berdi, bu uning shu davrdagi jahon eksportining 14 foizini tashkil etdi, deya aniqlik kiritadi AP.
10-fevral kuni ertalab oltin unsiyasi uchun rekord darajadagi 2896 dollarga yetdi, bu investorlarning Tramp siyosatining oqibatlaridan xavotirlari va xavfsiz aktivlarga bo‘lgan talab fonida 1 foizdan ko‘proqqa oshdi. Umuman olganda, yil boshidan buyon oltin 10 foizga oshdi, deb yozadi Guardian.
Birinchi prezidentlik davrida Tramp po‘lat importiga 25 foiz va alyuminiy importiga 10 foiz boj joriy qilgandi, ammo keyinchalik Kanada, Meksika va Braziliya kabi bir qancha savdo hamkorlariga bojsiz imtiyozlar berdi. AQShning sobiq prezidenti Jo Bayden ushbu kvotalarni Buyuk Britaniya, Yaponiya va Yevropa Ittifoqiga ham tatbiq etgan.
O‘tgan haftada Tramp 4-fevraldan boshlab Kanada va Meksikadan tovarlar importiga 25 foizli, Xitoydan esa 10 foizli bojlar joriy etish bilan tahdid qilgandi. Ular kuchga kirishidan bir necha soat oldin Meksika va Kanada Qo‘shma Shtatlar bilan chegarani mustahkamlashga va’da berib, AQSh bilan bojlarni kechiktirishga kelishib oldi. Xitoy bunga javoban AQShdan suyultirilgan gaz, ko‘mir, qishloq xo‘jaligi texnikasi va boshqa mahsulotlarga boj joriy qildi.