Ushbu sharh “O‘zgidromet"ning qisqa va o‘rta muddatli ob-havo prognozlari asosida tuzilgan bo‘lib, u bevosita ob-havo prognozi emas.
Bu kabi sharhlar ob-havo byurolarining prognozlaridagi raqamlar, hodisalarni oddiy tilda tushuntirish imkonini beradi. Ayrim nuqtalarda “O‘zgidromet” hali taqdim etishga ulgurmagan axborotlar xalqaro ob-havo prognozi markazlarining ma’lumotlari bilan to‘ldirilgan — bu ham prognozlarni sharhlash amaliyotida tasdiqlangan samarali usuldir.
O‘zbekistonda hafta davomida sovuq va bulutli ob-havo muhiti kuzatilishi kutilyapti. 10 va 13-fevral kunlari janubdan nam havo oqimlarining kirib kelishi ortidan joylarda asosan qor yog‘ishi taxmin qilinmoqda.
Ish kunlaridagi ob-havoni markazida atmosfera bosimi 1030−1035 gPa gacha ko‘tariluvchi antitsiklonal jarayonlar belgilab beradi. Bu jarayonlar chekkasida shakllanuvchi nam havo oqimlari ortidan joylarda ko‘p bo‘lmagan qor yog‘ishini prognoz qilish mumkin.
Dushanba kuni vodiy viloyatlaridan tashqari barcha viloyatlarda kunduz kuni harorat nol darajadan biroz yuqori bo‘lishi kutiladi. Farg‘ona vodiysida esa shu kuni kunduzi havo harorati +10 darajagacha iliq bo‘ladi. Seshanbadan O‘zbekiston “kunduzi iliqroq, kechasi sovuq” tamoyiliga ega ob-havo muhiti ta’sirida bo‘ladi. Bunday ob-havo deyarli butun ish haftasi davomida deyarli barcha hududlarda bir xil saqlanadi. Ayni vaqtda, hafta o‘rtalaridan boshlab harorat biroz yuqorilaydi, ammo tungi haroratning baribir noldan past bo‘lishi hisobiga aholi iliqlikni ko‘p ham his qilmaydi.
Manba: Meteoinfo.ru
Oddiy qilib aytganda, hafta asosan sovuq, dushanbadan boshqa kunlar kunduzi biroz iliqroq, kechasi esa past harorat fonida o‘tadi. Ayrim kunlarda qor yog‘ishi mumkin.
Joriy hafta gaz quvurlarida tabiiy gaz bosimining kamayishi ro‘y berib, bu energetika tarmoqlar uchun yuklamani oshiradi. Qor yog‘ishi kutilmalari va havoning kunduzi ilib, kechalari sovib ketishi hisobiga, joylarda qalin tuman bilan birga yaxmalak hodisalari kuzatilib, transport harakatini biroz og‘irlashtirishi mumkin.
“O‘zgidromet” prognoziga ko‘ra, 10-fevral kuni ayrim viloyatlarda qor yog‘adi. Havo harorati kunduzi vodiy viloyatlarida +10 darajagacha iliq, boshqa viloyatlarda +5 darajagacha iliq, tunda shimol va tog‘larda −5…−10 daraja sovuq, boshqa hududlarda -2 darajadan -7 daraja sovuqgacha o‘zgaradi. Joylarda tuman hodisalari kuzatilishi mumkin. Janubiy va vodiy viloyatlarida shamol tezligi soniyasiga 20 metrgacha kuchayadi.
Sinoptiklar 11−13-fevral kunlari O‘zbekiston bo‘ylab vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchiliklar (yomg‘ir-qor) bo‘lishini, shimoliy hududlar va tog‘larda asosan qor yog‘ishini ma’lum qilgan. Ularning fikricha, 12−13-fevral kunlari navbatdagi nam havo oqimlari kirib kelishidan avval joylarda kuchli shamollar esishi mumkin.
Bu kunlarda tungi harorat qiymatlarida dushanba kuniga nisbatan o‘zgarish bo‘lmasa-da, kunduzi havo harorati biroz ko‘tarilib borishini prognoz qilish mumkin. Faqat vodiy uchun bu qoida teskari ishlaydi: u yerda seshanba-payshanba kunlaridagi harorat dushanbadagidan ancha past bo‘ladi. Shunday qilib, ushbu kunlari kunduzi shimoliy hududlar va vodiyda +0…+5 daraja iliq, boshqa hududlarda +5…+10 darajagacha iliq harorat kutiladi. Tuman hodisalari bo‘lishi ehtimoli saqlanadi.
Juma, shanba va yakshanba kunlari aholi havo haroratining asta-sekin ko‘tarilib borishiga guvohi bo‘ladi. Tungi harorat ham hafta boshi va o‘rtalariga nisbatan biroz iliqroq muhitga o‘ta boshlaydi. Shanba-yakshanba kunlari mintaqaga navbatdagi nam havo oqimlari kirib kelishi ehtimoli bor.
Shanba va yakshanba kunlari harorat o‘zgarishi va yog‘ingarchiliklar ehtimoli to‘g‘risidagi so‘nggi ma’lumotlarini “O‘zgidromet"ning har kuni yangilanadigan qisqa muddatli ob-havo prognozlari orqali aniqroq bilib olish mumkin.
“O‘zgidromet"ning boshqa bir axboroti hamda Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF)ning prognozlariga ko‘ra, hafta (10−16-fevral kunlari) davomida shimoliy hududlar va vodiyning katta qismidan tashqari harorat shu davrga xos ko‘p yillik o‘rtacha iqlimiy muhitdan sovuq, Buxoro, Samarqand va Qashqadaryoda yanada sovuqroq bo‘lishi kutiladi. Yog‘ingarchilik bo‘yicha esa Qorqalpog‘istonning katta qismi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarining ayrim hududlarida hafta davomida shu davrga xos iqlimiy me’yordan ko‘proq, respublikaning boshqa hududlarida esa me’yoriy yog‘ingarchilik bo‘lishi kutiladi.
Shunday qilib, hafta davomida yog‘ingarchilik shu davr uchun xos me’yor atrofida, harorat bo‘yicha esa me’yordan past, ya’ni sovuq bo‘lishi prognoz qilingan.
Harorat rejimi va tez o‘zgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta’siri
Joriy ish haftasidagi havo muhiti ob-havo o‘zgarishlariga ta’sirchan kishilar salomatligiga u qadar katta xavf tug‘diradigan darajaga ega emas. Ish kunlari davomida kuzatiladigan, markazida atmosfera bosimi 1022 va 1035 gPagacha bo‘lgan siklon va antitsiklon jarayonlar kishilar salomatligiga xavf tug‘diruvchi vaziyatni keltirib chiqarmaydi.
Faqat shanba kunidan boshlab janubdan markazida atmosfera bosimi 1010 gPa dan past bo‘lgan siklonik jarayonning kirib kelishida bunday jarayonlariga ta’sirchan kishilar salomatligida o‘zgarishlar bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Dam olish kunlari siklonik nam havo oqimlarining kirib kelishidan oldin atmosfera bosimining keskin pasayib borishi, tungi haroratning biroz ortib, havoda namlik ko‘payishi siklon muhitini beradi.
Qon bosimi, nafas olish tizimi buzilishi, buyrak va yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar bu jarayonlarni nisbatan kuchli his qiladi — ularda nafas olishning qiyinlashishi, nafas qisishi, havoning yetishmasligi va umumiy zaiflik kuzatiladi.
Tavsiyalar. Siklon payti qon bosimini doimiy kuzatib borish kerak. Ko‘p miqdorda suv ichish, yengil dush, tinch va uzoqroq uyqu, shuningdek, tongda kofe ichish tavsiya etiladi. Atmosfera bosimi past bo‘lgan vaqtda umumiy salomatlik uchun limon o‘tlari yoki ginseng (jenshen) damlamasi ichish mumkin.
Bioiqlimiy sharoitlar
Dushanba kuni O‘zbekistonning katta qismida aholi qalin kiyinishi tavsiya etiladi. Haftaning boshqa kunlari kunduzi havo harorati biroz iliqroq kuzatilishi hisobiga qo‘lqop, sharf va qalpoqlarga ehtiyoj ko‘p ham sezilmasa-da, ammo tungi va tonggi muddatlar uchun bunday deb bo‘lmaydi. Payshanbadan boshlab kunduzgi harorat sezilarli yuqori ko‘tariladi. Juma va shanba kunlari kunduzi qalin kiyimlarning yengilrog‘ini kiyishga imkon beruvchi ob-havo muhiti kuzatiladi.
Hafta davomida kutilayotgan yog‘inlarning qor ko‘rinishida bo‘lishi prognoz qilinayotgani inobatga olinsa, aholi qordan estetik zavq olishi mumkin.
Kosmik ta’sirlar
Dushanba, payshanba va juma kunlari o‘zbekistonliklar “qizil” va “sariq” xavfga ega magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlariga guvohi bo‘lishi mumkin. Ko‘plab prognoz modellari Quyosh fotosferasida 8-fevral kuni M sinfli uchta chaqnash kuzatilganini ko‘rsatmoqda. Ushbu chaqnashlardan ajralgan plazma ikki yoki uch kunda sayyoramiz magnitosferasiga urilib, Yerda magnit bo‘ronlarini keltirib chiqarishi mumkin.
Manba: Xras.ru
Qozog‘istondagi Ionosfera instituti e’lon qilgan geomagnit bo‘roni prognozida ham ish kunlari boshi va o‘rtalarida ob-havo o‘zgarishlariga moyil kishilar salomatligiga biroz xavf tug‘diradigan “sariq” darajadagi, ya’ni kuchsiz qo‘zg‘alishlar bilan ro‘baro‘ kelishi qayd etilgan.
Manba: Ionos.kz
Hozir dunyoda magnit bo‘ronlarini ikki kundan ortiq davr uchun ishonchli prognoz qila oladigan vosita va usullar mavjud emas. Shu bois magnit bo‘ronlariga ta’sirchan kishilar o‘z rejalarini yaqin ikki kunlik magnit bo‘roni prognozi ma’lumotlariga tayanib tuzishi maqsadga muvofiq.
Ob-havo o‘zgarishlari bilan bog‘liq atmosfera ifloslanishi
Juma-shanba kunlari kunduzi havo haroratining biroz yuqori ko‘tarilishi pastdan yuqoriga ko‘tarma kuch hisobiga havoda mayda dispers zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish darajasi ortishiga sabab bo‘lishi mumkin. Boshqa kunlarda havoning tabiiy ifloslanishi uchun “qulay ob-havo sharoiti” bo‘lishi taxmin qilinmayapti.
Ammo, haroratning sovishi ortidan hududlarda antropogen ifloslanish ehtimoli ko‘payishi, Quyosh botgach va chiqqach havoda xiralikning biroz ortishiga olib kelishi mumkin. Hafta davomida qor yog‘ishi hisobga olinsa, joylarda havo ifloslanishi bilan bog‘liq hodisalar uzoq vaqt davom etmaydi.
Havoda mayda zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish ortgan paytda qanday harakat qilish lozimligi borasida Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tavsiyalar tayyorlagan.
Shunday qilib, 10-fevraldan 16-fevralgacha bo‘lgan yetti kunlikda ob-havo bo‘yicha eng qulay kunlar seshanba, chorshanba va payshanba bo‘lib, iqlimiy o‘zgarishlarga moyil ko‘pchilik shu kunlarda o‘zini nisbatan yengilroq his qilishi kutilyapti.