2025-yil 10-fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudi tumanning “Anorzor” MFY binosida Toshkent shahri aholisini Instagram orqali haqorat qilgan fuqaro ustidan sud o‘tkazdi. “Gazeta.uz” sud hujjatini o‘rgandi.

Unda qayd etilishicha, sudlanuvchi, 2000-yilda tug‘ilgan N.X. 5-fevral kuni o‘zining Instagram sahifasida Toshkent shahri aholisini haqorat qilib 3−4 ta video joylagan. Qiz sudda videoni taksi haydovchisi uni qayerdan kelgani haqidagi savolidan so‘ng jahli chiqib tasvirga tushirganini aytdi.

Qizning ta’kidlashicha, u videolarni 5 daqiqadan keyin o‘chirib yuborgan. Shuningdek, u sog‘lig‘i tufayli 4 marotaba narkoz olgani, shuning uchun tezda jahli chiqib tinchlana olmasligini aytdi.

Bundan tashqari, u o‘sha vaqtda o‘zida bo‘lgan ishonch tufayli “15 sutka tiqsa tiqaversin, manga nima, man rostini gapirvomman…” deb aytgani haqida ko‘rsatuv berib, hozirda aybiga to‘liq iqrorligi, qilgan ishidan pushaymon ekanini aytib, unga nisbatan yengillik berishni so‘radi.

Sud N.X. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida (Mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topib, unga nisbatan 10 (o‘n) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.

Tayinlangan jazo 2025-yil 10-fevral soat 12:40 dan boshlab hisoblanadi. N.X.ning hisobidan qamoqda saqlangan har bir kuni uchun maxsus qabulxona foydasiga bazaviy hisoblash miqdorining 15 foiz miqdorida harajatlar undirilishi belgilandi.

Avvalroq Instagram orqali Toshkentga kelgan viloyatliklarni haqoratlagan 21 yoshli qiz 15 sutkaga qamalgandi.