Oliy Majlis Qonunchilik palatasining seshanba kuni bo‘lib o‘tgan majlisida bir guruh deputatlar tashabbusi bilan ilgari surilgan Fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun loyihasi 31-yanvar kuni birinchi o‘qishda qabul qilingan va 10-fevralgacha davom etgan umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilingan edi. “Gazeta.uz” “ko‘pmillatli va ko‘pkonfessiyali O‘zbekistonda umumjamiyat manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, demokratiya, dunyoviylik, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik asosida o‘zaro totuvlikda yashash hamda izchil taraqqiy etish uchun zarur barqaror muhitni ta’minlash”ga qaratilgan mazkur hujjat sharhini e’lon qilgandi.
Muhokama davomida 480 dan ortiq fikr-mulohazalar kelib tushdi, deyiladi xabarda. 6-fevral kuni Qonunchilik palatasida mamlakatda faoliyat yuritayotgan 16 ta diniy konfessiya vakillari ishtirokida konsepsiya loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
“Uchrashuvda barcha konfessiyalar vakillari konsepsiya loyihasini qo‘llab-quvvatlab, uning qabul qilinishi yurtimizda dinlar va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlashga, tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdilar”, — deyiladi xabarda.
“Kelib tushgan izohlar, taklif va tavsiyalar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, aksariyat fuqarolarimiz aksariyati mazkur konsepsiyani qo‘llab-quvvatlamoqda”, — deyiladi Qonunchilik palatasi axborotida. Takliflarni o‘rganib chiqqan deputatlar konsepsiyaning 10 dan ortiq bandiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritgan.
Ularda konfessiyalar o‘rtasida o‘zaro muloqotni o‘rnatish, konfessiyalararo totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash, O‘zbekiston xalqining dinlarga oid madaniyati hamda islom sivilizatsiyasining yorqin yutuqlari sifatida tan olingan buyuk mutafakkir va olimlarning diniy-falsafiy merosini, qo‘lyozma manbalarni o‘rganish bo‘yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning ta’lim olishi uchun keng shart-sharoitlar yaratish hamda ularni ilm-fanga faol jalb etish orqali ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish kabi masalalar masalalar qamrab olingan.
Palata fuqarolardan Jahongir Safayev, Ahmadjon Oripov, Amirullo To‘xliboyev va Shaxnozaxon G‘afforovaning takliflarini alohida qayd etdi.
Qonun tasdiqlash uchun Senatga yuborildi. U mamlakat prezidenti tomonidan imzolanganidan keyin kuchga kiradi.