Iqtisodiyot
O‘zbekistonda kichik AES qurish bo‘yicha xalqaro konsorsium tuziladi — “O‘zatom” rahbari
O‘zbekiston kichik AES qurish bo‘yicha xalqaro konsorsium tuzadi. Bunday stansiyalarni boshqa hududlarda ham qurish masalasi ko‘rib chiqiladi. “Prezident islohotlari katta miqdordagi elektrni talab qiladi, atom energetikasi esa iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlaydi, deb hisoblaymiz”, — dedi “O‘zatom” rahbari.
MHTI: Toshkent supermarketlarida ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxi arzonlashdi
9-yanvardan 6-fevralgacha Toshkent supermarketlarida kartoshka, sabzi, lavlagi, tuxum, sut va shakar narxlari sezilarli darajada pasaydi, karam va bodring esa qimmatlashdi, deya xabar berdi MHTI. 94,2 ming tonna kartoshka import qilinishi ortidan mahsulot narxi arzonlashgan.
O‘zmilliybank developerlardan tijorat binolarini sotib olish uchun 500 mlrd so‘m ajratadi
O‘zmilliybank investitsiya kompaniyasi orqali developerlardan tijorat ko‘chmas mulklarini sotib oladi va xizmat ko‘rsatish sohasi uchun xizmat ipotekalarini joriy qiladi. Buning uchun 500 mlrd so‘m ajratilishi reja qilinmoqda. Prezident bankka 3 mln kishini ish bilan ta’minlash topshirig‘ini berdi.
“O‘zenergoinspeksiya"ga kunning istalgan vaqtida tekshiruv o‘tkazish vakolati berildi
Prezident farmoniga muvofiq, endi “O‘zenergoinspeksiya” xo‘jalik yurituvchi subyektlarda sutkaning istalgan vaqtida yoqilg‘i-energetika resurslari bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazishi mumkin. Tekshiruv boshlanganidan so‘ng 24 soat ichida vakolatli organni xabardor qilish kerak.
Jamiyat
Toshkent aholisini haqorat qilgan qiz 10 sutkaga qamaldi
Instagram orqali Toshkent shahri aholisini haqorat qilgan qiz 10 sutka ma’muriy qamoq bilan jazolandi. Qiz videoni taksi haydovchisi uni qayerdan kelgani haqidagi savolidan so‘ng jahli chiqib tasvirga tushirganini aytgan.
“Bir million yashil oila” platformasi qanday imtiyozlar beradi?
Aholisining kamida yarmi “yashil oila” maqomini olgan mahallalarda eng toza va yashil mahalla tanlovlari o‘tkaziladi. G‘olib mahallalar 500 mln so‘m mukofot pulini yo‘llarni ta’mirlash, yoritish, bolalar maydonchalari, bog‘lar qurish va chiqindilarni yig‘ish maydonchalari tashkil etishga sarflashi mumkin bo‘ladi.
O‘zbekistonda 2025-yilgacha birlamchi tibbiyot bo‘g‘inini bosqichma-bosqich transformatsiyalash rejalashtirilmoqda
O‘zbekistonda 2025-yilda shifokor qabuliga navbat to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi, stomatologiya xususiy sektorga beriladi, shifokorlar ish samaradorligi uchun ustamalar ola boshlaydi. Viloyat miqyosidagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari ko‘p tarmoqli poliklinikalarga aylantiriladi.
OTMlarda ekologiya dasturlari paydo bo‘ladi, texnika va tibbiyot yo‘nalishlari kvotalari 25 ming o‘ringa yetkaziladi
2025/2026 o‘quv yilida Green University sirkulyar iqtisodiyot bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni boshlaydi, yirik shaharlarda “yashil texnikumlar” paydo bo‘ladi. Davlat OTMlarida aniq va tabiiy fanlar, muhandislik-texnika, tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha grant asosida ta’lim kvotalari 25 ming o‘ringa yetkaziladi.
O‘zbekiston Korrupsiyani qabul qilish indeksida 121-o‘rinni egalladi
Transparency International tashkilotining Korrupsiyani qabul qilish indeksida O‘zbekiston 180 ta davlat orasida 121-o‘rinni egalladi. 100 balli indeks bo‘yicha mamlakat 32 ball to‘pladi.
Toshkentda yangi qurilayotgan binoda yong‘in sodir bo‘ldi
Poytaxtning Yakkasaroy tumanida yangi qurilayotgan binoda yong‘in sodir bo‘ldi. Qutqaruv ekipaji voqea joyiga 8 daqiqada yetib borib, yong‘inni 20 daqiqada o‘chirgan.
Toshkent viloyatida ona 8 yoshli bolasining qo‘llarini ruxsatsiz shirinlik yegani uchun kuydirdi
Olmaliq shahrida ona 8 yoshli bolasining barmoqlari va boshqa tana a’zolariga paxta tiqib yoqdi. U buni farzandi ruxsatsiz uydagi shirinlikni yegani uchun jazolash maqsadida qilgan. Ayolga nisbatan jinoiy ish ochilib qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.
O‘zbekistonda 2024-yilda 470 mingga yaqin shaxs ma’muriy jazoga tortilgan
O‘zbekistonda 2024-yilda 469 568 nafar shaxs ma’muriy jazoga tortildi. Bu 2023-yilga nisbatan 49 380 nafarga ko‘p. Ko‘rilgan ishlarning asosiy qismi mayda bezorilik, litsenziyasiz yo‘lovchilar tashish, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik kabi huquqbuzarliklardan iborat bo‘lgan.
Toshkentda erkak xonadonida 8 kilodan ortiq giyohvand moddalar saqlab kelgani aniqlandi
Poytaxtning Yakkasaroy tumanida yashovchi erkak xonadonida 8 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalari saqlab kelgani aniqlandi. Ushbu moddalarning jami qiymati 4 mlrd 317 mln so‘mni tashkil qilishi aytilmoqda. Unga nisbatan jinoiy ish ochilgan.
O‘zbekistonda plastik chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi
Ekologiya vazirligi 1-noyabrga qadar plastik chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqadi. Hujjat bilan plastikni qabul qilish punktlarini tashkil etish, utilizatsiya qilish uskunalarini o‘rnatish hamda “taralarni qaytarish” tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Deputatlar diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash haqidagi qonunni qabul qildi
Qonunchilik palatasi O‘zbekistonda fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi va Senatga yubordi.
Rossiyada qarovsiz qolgan 3 bola O‘zbekistonga qaytarildi
Ota-onasi yoki yaqin qarishdoshlari bilan Rossiyaga borgan, ammo vasiylari deportatsiya qilingach, vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan 3 nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarildi.
Navoiy IES xaridorga ortiqcha olingan 4,5 mlrd so‘mni qaytarishga majbur bo‘ldi
Navoiy IES elektr narxini oshirib sotish orqali “Issiqlik manbai” DUKdan 4,5 mlrd so‘m ortiqcha foyda olgani aniqlandi. Raqobat qo‘mitasining sudga da’vo arizasi qanoatlantirildi va mablag‘ xaridor foydasiga hal qilindi.
️Ma'rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi belgilandi
️Ma'rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom bilan ushbu faoliyat ishtirokchilarining huquqlari, majburiyatlari va bunda taqiqlanadigan xatti-harakatlar belgilandi. Bu bilan faqat shartnomaga muvofiq pulli asosda shug‘ullanish mumkin. 14 yoshdan kichiklar ota-onasi roziligi bilan ishtirok etadi.
Jahon
Qozog‘istonda yo‘lda qolib ketgan o‘zbekistonliklar evakuatsiya qilindi
Qozog‘iston FVV nosozlik tufayli yo‘lda qolib ketgan mikroavtobusdagi 24 nafar chet el fuqarosi (jumladan, 4 bola)ni evakuatsiya qildi. Ular O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolaridir. Hech kim jarohat olmagan.
HAMAS garovga olingan isroilliklarni ozod qilishni to‘xtatdi
HAMAS Isroilni sulhni buzganlikda aybladi va garovga olingan isroilliklarni ozod qilishni noma’lum muddatga qoldirishini ma’lum qildi. AQSh prezidenti Donald Tramp guruhdan shanba kuni tushgacha barcha garovga olinganlarni qaytarishni talab qildi, aks holda, uning so‘zlariga ko‘ra, “jahannam boshlanadi”.
Ilon Mask OpenAI’ni qariyb $100 milliardga sotib olishni taklif qildi. Kompaniya rahbari rad etdi
Ilon Mask boshchiligidagi investorlar konsorsiumi ChatGPT ishlab chiqaruvchisi — OpenAI’ni sotib olish uchun 97,4 mlrd dollar taklif qildi. OpenAI bosh direktori Sem Altman shunday javob berdi: “Yo‘q, rahmat, lekin agar xohlasangiz, Twitter’ni 9,74 mlrd dollarga sotib olishimiz mumkin”.
Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!