Hukumat qarori bilan ma’rifiy faoliyatни amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deb xabar berdi Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali.
️Nizom ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi va shakllarini belgilaydi hamda quyidagilarni nazarda tutadi:
- ma’rifiy faoliyatni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy shakllari hamda ushbu faoliyatni amalga oshiruvchilarga nisbatan qo‘yiladigan talablar;
- ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish shakllari (ma’ruza, taqdimot, seminar, mahorat darsi, kurs, leksiya, marafon, davra suhbatlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa shakllarda, bevosita yoki onlayn, yakka tartibda yoki guruhlarda, pulli yoki bepul);
- ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi, shu jumladan, ushbu faoliyat tinglovchilari orasida voyaga yetmagan shaxs mavjud bo‘lsa, majburiy tartibda ma’rifiy faoliyat dasturini ishlab chiqish talabi;
- ma’rifiy faoliyat ishtirokchilarining huquqlari, majburiyatlari va ma’rifiy faoliyatni amalga oshirishda taqiqlanadigan xatti-harakatlar.
Hujjatga muvofiq, ma’rifiy faoliyat bilan yuridik shaxs tashkil etib yoki YATT sifatida ro‘yxatdan o‘tib shug‘ullanish mumkin.
Ma’rifiy faoliyat bilan yozma yoki elektron shaklda tuziladigan shartnomaga muvofiq pulli asosda shug‘ullaniladi. Bundan tashqari, 14 yoshdan kichik shaxslarning ma’rifiy faoliyat tadbirlarida tinglovchi sifatida ishtirok etishiga ularning ota-onasi (qonuniy vakillari) yozma roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
O‘tgan yil noyabr oyida ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilangandi. Unga ko‘ra, xususan, jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan, ruhiy yoki narkologik muassasalarda hisobda turgan shaxslar ma’rifiy faoliyatni amalga oshira olmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 23-iyul kuni bo‘lib o‘tgan majlisida “Ta’lim faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingandi. “Milliy tiklanish” partiyasi tomonidan ishlab chiqilgan tashabbus ma’ruza o‘qib, oson pul topish yo‘llarini o‘rgatishga va’da bergan shaxslarga qarshi kurashishga qaratilgan.
O‘zLiDeP deputati Shahnoza Xolmahamatova so‘nggi yillarda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida “nosog‘lom ma’rifiy ishlar” ko‘payganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday tadbirlarda ko‘pxotinlilik, jinsiy kamsitish, feminizm, axloqiy buzuqlik, huquqbuzarliklar targ‘ib qilinib, tinglovchilar ongini manipulyatsiya qilish holatlari ko‘paymoqda.
Oliy Majlis Senati 20-sentabrdagi yig‘ilishida ma’rifiy faoliyatni tartibga solish to‘g‘risidagi qonunni ma’qullagan. Ma’rifiy faoliyatning respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan talablarni hisobga olgan holda amalga oshirilishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.