HAMAS 15-fevralga rejalashtirilgan, isroillik garovga olinganlar guruhini ozod qilishning navbatdagi bosqichini noma’lum muddatgacha kechiktirishini e’lon qildi, deb yozadi The Jerusalem Post.
Guruh bunday qarorga Isroilning o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzgani sabab bo‘lganini bildirdi.
“Oxirgi uch hafta davomida dushman tomonidan kelishuv shartlarining buzilishi va bajarilmasligi kuzatib borildi. Bu qoidabuzarliklarga ko‘chirilganlarning G‘azo shimoliga qaytishini kechiktirish, sektorning turli hududlarida ularga qarata o‘q uzish va barcha kelishilgan shakllardagi gumanitar yordamdan foydalanish imkoniyatini bermaslik kiradi”, deyiladi HAMAS bayonotida.
Shu bilan birga, guruh almashuv “muddatida o‘tishi” uchun “eshiklar ochiq qolishini” ta’kidladi va vositachilarni Isroilga bosim o‘tkazishga chaqirdi.
Isroil mudofaa vaziri Israel Kats HAMASning bayonotini sulh shartnomasining “to‘liq buzilishi” deb atadi. U Isroil mudofaa armiyasiga “G‘azodagi voqealar rivojining ehtimoliy ssenariysiga” tayyorgarlik ko‘rish va aholi punktlarini himoya qilishni buyurdi. “Biz 7-oktabrdagi reallikka qaytishga yo‘l qo‘ymaymiz”, deb ta’kidlab o‘tdi Kats.
19-yanvarda birinchi bosqichi kuchga kirgan HAMAS va Isroil o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish shartnomasi shartlariga ko‘ra, 33 nafar isroillik garovga olinganlar Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan minglab falastinlik mahbuslar evaziga ozod qilinishi kerak edi. Shuningdek, Isroil G‘azoga kuniga 600 tagacha yuk mashinasida insonparvarlik yordamini o‘tkazishga rozi bo‘lgan va sektor aholisiga anklavning janubidan shimoliga qaytishga ruxsat bergan.
Ayni vaqtda asirlikdan 16 kishi, jumladan, 5 nafar Tailand fuqarosi qaytgan. Isroil hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, ushlangan 33 kishidan 8 nafari halok bo‘lgan.
“Jjahannam boshlanadi”
AQSh prezidenti Donald Tramp bir kun avval Isroilni HAMAS bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni bekor qilishga chaqirgan va guruhdan shanba kuni tushgacha barcha garovga olinganlarni qaytarishni talab qilgan, aks holda, uning so‘zlariga ko‘ra, “jahannam bo‘ladi”.
“Agar barcha garovga olinganlar shanba kuni soat 12:00 gacha qaytarilmasa — menimcha, bu qulay vaqt — [yarash bitimini] bekor qiling, degan bo‘lardim,… aks holda, jahannam boshlanadi”, — dedi Tramp Oval kabinetda jurnalistlarga.
“Ularning hammasini shanba kuni soat 12:00 gacha qaytarish kerak, agar qaytarilmasa — hammalarini… ikkitadan va uchtadan, to‘rttadan emas. Shanba kuni soat 12:00 da, undan keyin esa, aytishim mumkinki, to‘liq jahannam paydo bo‘ladi”, — deya takrorladi u.
G‘azodagi “to‘liq jahannam” nimaga olib kelishi mumkinligi haqidagi savolga Tramp shunday javob berdi: “Siz bilib olasiz va ular ham bilib oladi — HAMAS men nimani nazarda tutayotganimni anglab yetadi.
O‘tgan hafta Tramp AQSh G‘azo sektorini “o‘z nazorati ostiga olish” va hududni rivojlantirish bilan shug‘ullanishga tayyorligini ma’lum qilgandi. Bu haqda u Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan qo‘shma matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
Tramp, shuningdek, G‘azo sektorida xavfsizlikni ta’minlashga yordam berish uchun AQSh qo‘shinlarini yuborishini istisno qilmadi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo sektori “Yaqin Sharq Riverasi”ga aylanishi, falastinliklar esa u yerga qaytmasligi kerak.
“Menimcha, odamlar G‘azoga qaytishi kerak emas. Eshitishimcha, G‘azo ular uchun juda ham omadli makon emas. Ular xuddi do‘zaxda yashayotgandek”, — dedi Tramp. G‘azo o‘rniga falastinliklarga yashash uchun “yaxshi, yangi, chiroyli yer maydoni” berish kerak, dedi u.
O‘tgan hafta oxirida jurnalistlarga bergan intervyusida Tramp falastinliklar sektorni AQSh mulkiga o‘tkazish va hududni qayta tiklash rejasiga ko‘ra G‘azoga qayta olmasligini ochiq aytdi.
“Menimcha, odamlarga — falastinliklarga yoki G‘azoda yashovchi odamlarga qaytishga ruxsat berish katta xato. Biz HAMASning qaytishini istamaymiz. Buni katta ko‘chmas mulk maydoni sifatida tasavvur qiling va Qo‘shma Shtatlar unga egalik qiladi va biz uni asta-sekin, juda sekin, hech qayerga shoshilmay rivojlantiramiz. Biz tez orada Yaqin Sharqqa barqarorlik olib kelamiz”, — dedi Tramp matbuot bilan muloqot chog‘ida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, u Iordaniya va Misr bilan “bitim” tuzishni rejalashtirmoqda, shunda bu davlatlar ko‘proq falastinlik qochqinlarni qabul qiladi.