Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (“O‘zenergoinspeksiya”)ga xo‘jalik yurituvchi subyektlarda sutkaning istalgan vaqtida teshkiruv o‘tkazish vakolati berildi. Bu prezidentning energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlariga qarshi kurashish sohasida samarali davlat nazoratini amalga oshirishga doir farmonida nazarda tutilgan.
Farmonga ko‘ra, prezidentning ayrim hujjatlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi:
- yoqilg‘i-energetika resurslarini behuda sarflash hamda ulardan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlarini aniqlash;
- sifatsiz yoqilg‘i mahsulotlari realizatsiyasiga chek qo‘yish borasida davlat nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini soddalashtirish.
Jumladan, PF-77 ga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, “O‘zenergoinspeksiya” yoqilg‘i-energetika resurslarini qazib olish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, tashish, saqlash, yetkazib berish (taqsimlash, sotish) va iste’mol qilish faoliyati bilan shug‘ullanadigan xo‘jalik yurituvchi subyektlarda sutkaning istalgan vaqtida nazorat tadbirlari o‘tkazishi mumkin.
Tekshiruvlar boshlanganidan so‘ng 24 soat ichida “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida amalga oshiriladi.