O‘zbekistonda 2024-yilda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 740 994 nafar (2023-yilda 721 662 nafar edi) shaxsga nisbatan 613 142 ta (2023-yilda 600 966 ta) ortiq ma’muriy huquqbuzarlik ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud xabar qildi.

Ularda 469 568 nafar shaxsga (2023-yilda 420 188 nafar shaxs) nisbatan ma’muriy jazolar qo‘llanildi. Shuningdek, yarashilgani munosabati bilan 94 886 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikdan ozod qilindi.

Ko‘rilgan ishlarning asosiy qismi mayda bezorilik, litsenziyasiz yo‘lovchilar tashish, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik, haqorat qilish, yo‘l harakati qoidalarini buzish, jamoat joylarida alkogol iste’mol qilish, mast holda transport boshqarish kabi huquqbuzarliklardan iborat bo‘ldi.

Apellyatsiya tartibida 9899 nafar shaxsga oid 8297 ta ma’muriy ish ko‘rib chiqildi. Natijada 2581 nafar shaxsga nisbatan qarorlar bekor qilingan bo‘lsa, 2945 nafar shaxsga oid sud qarorlari o‘zgartirildi.

Kassatsiya tartibida 7124 nafar shaxsga oid 6657 ta ish ko‘rib chiqilgan. 2644 nafar shaxsga oid qarorlar bekor qilingan, 1863 nafar shaxs bo‘yicha sud qarorlari o‘zgartirilgan.

Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish tartibida 1919 nafar shaxsga oid 1769 ta ishni ko‘rib chiqdi. Bunda 359 nafar shaxsga oid quyi sud qarorlari bekor qilingan, 464 nafar shaxsga nisbatan qarorlar o‘zgartirilgan.