Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi va u bilan tasdiqlanayotgan konsepsiya loyihasi 2025-yilning 31-yanvar kuni quyi palata majlisida birinchi o‘qishda qabul qilinib, 10-fevralga qadar palata rasmiy veb-saytiga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan edi.

Qayd etilishicha, konsepsiya loyihasi bo‘yicha muhokamalarda aholidan 400 tadan ortiq izohlar, taklif va tavsiyalar kelib tushgan. 6-fevral kuni esa Qonunchilik palatasida mamlakatdagi 16 ta konfessiya vakillari bilan konsepsiya loyihasining muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tgan.

Kelib tushgan izoh, taklif va tavsiyalar atroflicha o‘rganib chiqildi. Ushbu takliflarning muhokamasi hamda konsepsiya loyihasini maromiga yetkazishga bag‘ishlab ishchi guruhi va mas’ul qo‘mitaning yig‘ilishlari o‘tkazildi.

Majlisda konsepsiya loyihasi keng jamoatchilikning taklif-mulohazalari asosida yanada takomillashtirilgani qayd etildi. Xususan, fuqarolar hamda Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan bildirilgan takliflar asosida konsepsiyaning 10 dan ortiq bandlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida loyihaga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar: turli konfessiyalar o‘rtasida o‘zaro muloqotni o‘rnatish, konfessiyalararo totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash, O‘zbekiston xalqining dinlarga oid madaniyati hamda islom sivilizatsiyasining yorqin yutuqlari sifatida tan olingan buyuk mutafakkir va olimlarning diniy-falsafiy merosini, qo‘lyozma manbalarni o‘rganish bo‘yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning ta’lim olishi uchun keng shart-sharoitlar yaratish hamda ularni ilm-fanga faol jalb etish orqali ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish kabi masalalarga qaratilgani ta’kidlandi.

Shundan so‘ng mazkur konsepsiya va uni tasdiqlash haqidagi qonun qabul qilindi va Senatga yuborildi.