2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturiga muvofiq, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini bosqichma-bosqich transformatsiya qilish ko‘zda tutilgan.
Oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokorlik punktlari va mahalla tibbiyot punktlarida aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatishning samarali tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar faoliyati markaziy shifoxonalarning maslahat diagnostika poliklinikasi sifatida yo‘lga qo‘yiladi.
Markazlashgan laboratoriyalar tashkil etish, shifokor qabuliga navbatni to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, shuningdek, davlat tomonidan sanitariya-gigiyena normalariga rioya etilishi ustidan nazorat kuchaytirilgan holda stomatologiya xizmatini autsorsing asosida xususiy sektorga berish — boshqa choralar qatorida.
Shuningdek, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish, tibbiyot xodimlari mehnat samaradorligini baholash ko‘rsatkichlarini ishlab chiqib, samaradorlikka erishgan xodimlarning oylik maoshlariga qo‘shimcha ustamani joriy etish ko‘zda tutilgan.
Joriy yilda, shuningdek, viloyat darajasidagi ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatuvchi tibbiyot muassasalarini zarur o‘rin-joylarni (koyka) yaratgan holda boshqaruv, moliya va tashkiliy jihatdan zamonaviy ko‘p tarmoqli klinikalar shaklida qayta tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligiga 1-iyulga qadar tibbiyot va farmatsevtika xodimlari faoliyatini bosqichma-bosqich davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini joriy etish mexanizmlari aks etgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritish topshirildi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi SSV bilan birgalikda 1-noyabrgacha tibbiy sug‘urta amal qiladigan hududlarda retsept asosida beriladigan dori vositalarini “elektron retsept” tizimi asosida tayinlash amaliyotini yo‘lga qo‘yishi lozim.