Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida istiqomat qiluvchi erkak o‘z xonadonida yirik miqdordagi giyohvand moddalarni saqlab kelgani aniqlandi. Bu haqda poytaxt IIBB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Mirobod tumani IIO FMB jinoyat qidiruv bo‘limi va DXX xodimlari tomonidan Yakkasaroy tumanida olib borilgan tezkor tadbir natijasida fuqaro I. qo‘lga olinib, uning xonadoni ko‘zdan kechrilganda, katta miqdordagi giyohvandlik vositalarini saqlab kelayotgani aniqlandi.
Aniqlanishicha, gumonlanuvchi mazkur giyohvandlik vositalarni internet orqali olib, grammlarga ajratib, yashirish yo‘li bilan tarqatib kelgan. Olingan giyohvandlik vositalari 8 kg 303 gram bo‘lib, bahosi 4 milliard 317 million so‘mni tashkil qilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan. Mazkur moddaga ko‘ra, sud hukmi bilan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Toshkent shahar IIBB tomonidan bu kabi tezkor tadbirlar davom etmoqda.