Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-fevral kuni atom energetikasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar qilishicha, so‘nggi yillarda qariyb 4 gigavattli muqobil quvvatlar ishga tushirildi va “yashil” energiya ulushi 16 foizga yetdi.

Kelgusi besh yilda yana 25 gigavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurish reja qilinmoqda. Bularning hisobiga yiliga 64 mlrd kilovatt soat “yashil” energiya olinadi. Umuman, 2030-yilga borib jami generatsiyada “yashil energiya” ulushini 50 foizdan oshirish maqsad qilingan.

“Ayni paytda raqamli texnologiyalar, elektromobillar, elektr jihozlar, sun’iy intellekt, mayning kabi tarmoqlarning rivojlanishi energiyaga bo‘lgan talabni keskin oshirmoqda. Shu bois ko‘plab davlatlar yangi turdagi energiya quvvatlariga o‘tish yo‘llarini izlayapti. Yer qa’ridan qazib olinadigan yoqilg‘ilar o‘z o‘rnini qayta tiklanuvchi manbalarga bo‘shatib beryapti. Bugunga kelib dunyodagi jami generatsiyaning 42 foizi muqobil energiyadir”, — deyiladi xabarda.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, uzoq yillik quvvatlarni barpo etishda atom energetikasi maqbul hisoblanadi. Hozirgi kunda dunyoda 375 gigavattli 417 ta atom reaktorlari ishlatilmoqda. Yana yangi stansiyalar qurilyapti, ko‘p davlatlar atom energetikasini o‘zining rivojlanish strategiyasiga kirityapti.

“Mamlakatda uran zaxirasi borligidan foydalanib, uzoq muddatga mo‘ljallangan quvvat tashkil etish rejalashtirilgan. Xususan, kichik quvvatli reaktorlar barpo etish loyihasi ishlab chiqildi. 2024-yil 5-dekabrda Samarqand shahrida atom energiyasidan foydalanish masalalari bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazildi”, — deyiladi xabarda.

Davlat rahbari bo‘lajak stansiya va tizimda ishlaydigan mutaxassislarni hozirdan tayyorlash, xavfsizlikni Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) talablari darajasida ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bunday texnologiyalar iqtisodiyot raqobatdoshligini oshirib, uzoq muddatli o‘sish sur’atlari uchun munosib zamin yaratishi ta’kidlandi.

Atom energiyasi agentligi (“O‘zatom”) direktori Azim Axmedxadjayev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ekspertlar 2040-yilga borib jahon elektr energiyasi ishlab chiqarishda atom energetikasining ulushi hozirgi 9 foizdan 25 foizga ko‘tarilishini aytayotganini bildirdi.

2024-yilning may oyida “O‘zatom”ning AES qurish direksiyasi va “Atomstroyeksport” kompaniyasi (“Rosatom” injiniring bo‘limi) o‘rtasida O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektrostansiyasi (KQAS) qurish bo‘yicha shartnoma tuzgan edi. U 330 MVt quvvatga ega (har biri 55 MVt quvvatga ega oltita rektor) bo‘ladi va Jizzax viloyatida quriladi. Stansiya qurilishida “Rosatom” bosh pudratchi bo‘ladi, O‘zbekiston kompaniyalari ham ishtirok etadi.

“Prezidentimiz ushbu loyihani xalqaro xususiyatga ega bo‘lishi va uning amalga oshirilishida turli xalqaro tuzilmalarni jalb qilish kerakligini ta’kidladi. Shuning uchun bu loyihada nafaqat Rossiya texnologiyalari, balki Xitoyning noyadro texnologiyalari, Yevropaning turli dasturiy ta’minot va apparat vositalarini ham qo‘llamoqchimiz. Shu yo‘l bilan biz eng zamonaviy texnologiyalar yordamida ushbu loyihani amalga oshirish uchun xalqaro konsorsium tashkil qilamiz”, — dedi Azim Axmedxadjayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihada Vengriya yoki Xitoy ishlab chiqaruvchilarining quruq sovutgichlarini tatbiq etish reja qilingan. Bu bilan elektr stansiyasida suv sarfini kamaytirish maqsad qilingan.

“O‘zatom” rahbari MIFI Moskva milliy yadro tadqiqotlari universitetining Toshkent filialini 117 nafar mutaxassis tamomlagani, ular ish bilan ta’minlangani, malakasini oshirayotgani va loyihani amalga oshirishda ishtirok etishini qayd etdi.

Kichik atom elektr stansiyasi loyihasi “XAEAning qat’iy nazorati ostida” amalga oshirilmoqda, uning mutaxassislari “Rosatom” bilan hamkorlikda doimiy ravishda tavsiyalar berib, xalqaro hamjamiyat va XAEA tomonidan qabul qilingan xavfsizlik me’yorlari va standartlarga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashmoqda.

“O‘zatom” agentligi XAEA bilan malakali kadrlar tayyorlash va mamlakatda atom energetikasi loyihalarini amalga oshirish jarayonida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha alohida hamkorlik dasturini ishlab chiqdi.

“Davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekistonda ham shunday loyihalarni amalga oshirishning boshqa shakllarini ham ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq berildi va biz bu jarayonni bugundanoq amalga oshirishni boshlaymiz”, — dedi Axmedxadjayev.

“Mamlakatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan islohotlar, albatta, katta miqdordagi elektrni talab qiladi. Biz atom energetikasi aynan shu ehtiyojni qondirishga qodir asosiy energiya manbalaridan biri bo‘lib, u O‘zbekistonda kechikayotgan iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash hamda yurtimizdagi sanoat o‘sishini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi, deb hisoblaymiz”, — dedi “O‘zatom” direktori.

O‘tgan yilning oktabr oyida AES qurilish direksiyasi rahbari Otabek Amanov kichik atom elektr stansiyasi O‘zbekiston mulki bo‘lishini ma’lum qilgan edi. Uning aytishicha, yadro yoqilg‘isi ishlab chiqarish uchun mahalliy urandan foydalanish rejalashtirilgan bo‘lib, u ishlatilgandan so‘ng Rossiyaga olib ketiladi. U loyihaning bosqichlari haqida ham ma’lumot bergan.

O‘zbekistonda bo‘lajak kichik AESlar uchun istiqbolli maydonlar. Slaydga ko‘ra, kichik atom stansiyalari Farg‘ona vodiysi, Toshkent viloyati, Sirdaryo, Surxondaryo, Buxoro va boshqa viloyatlarda ham qurilishi mumkin. Manba: “O‘zatom”.O‘zbekistonda bo‘lajak kichik AESlar uchun istiqbolli maydonlar. Slaydga ko‘ra, kichik atom stansiyalari Farg‘ona vodiysi, Toshkent viloyati, Sirdaryo, Surxondaryo, Buxoro va boshqa viloyatlarda ham qurilishi mumkin. Manba: “O‘zatom”.

“O‘zatom” agentligi direktori o‘shanda atom stansiyalarini qurish uchun 14 ta potensial maydoncha dastlabki tarzda baholab chiqilganini aytgandi. “Respublikaning turli hududlarida kichik reaktorlarni yanada rivojlantirish uchun ushbu maydonlarni batafsil o‘rganish rejalashtirilgan”, — degan u.