Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi 2025-yil 1-noyabrga qadar plastik chiqindilarni qisqartirish bo‘yicha quyidagi xalqaro tan olingan mexanizmlarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqadi.

Hujjat plastik qadoqlar yoki plastik qadoqlarda mahsulot ishlab chiqaruvchi hamda import qiluvchilarga nisbatan “taralarni qaytarish”, fuqarolarga chiqindilarni qabul qiluvchi maxsus uskunalarga topshirilgan har bir plastik idish uchun to‘lov qilish imkoniyatini yaratish kabi majburiyatlar joriy qilishni nazarda tutadi.

Bundan tashqari, 2025-yil 1-oktabrga qadar tegishli vazirliklar mahalliy hokimliklar bilan birgalikda energiya sarfi yuqori bo‘lgan yo‘nalishlardagi mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilgan holda Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlaridan bosqichma-bosqich ko‘chirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflarni taqdim etishi kerak. Ro‘yxatga quyidagilar kiradi:

  • asbest, sement ishlab chiqarish, shlam va shlaklar;
  • teri-ko‘nchilik, parrandachilik fabrikalari;
  • samaradorligi yuqori bo‘lgan chang-gaz tozalash inshootlari bilan jihozlanmagan har qanday turdagi ko‘mir yoqish;
  • qora va rangli metallurgiya zavodlari, tarkibida zaharli aralashmalar bo‘lgan oyna, zaharli kimyoviy moddalar bilan ishlash;
  • xavflilik darajasining I va II sinfiga mansub chiqindilarni qayta ishlash va yoqish korxonalari.

O‘zbekistonda yiliga 10,2 mln tonna chiqindi hosil bo‘lib, uning 10,3 foizi plastmassadan iborat. 2022-yilda plastik hajmi 2013-yilga nisbatan 2,5 baravarga oshdi. Ekologiya vazirligi o‘tkazgan inventarizatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, plastmassaning eng yirik iste’molchilari qadoqlash, transport va qurilishdir.

Respublikaning deyarli har bir hududida plastmassa buyumlari, jumladan, idish-tovoq va qop ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud. Bundan tashqari, mamlakatga plastik mahsulotlar importi eksportdan sezilarli darajada oshib, 2023-yilda 158,5 ming tonnani, 487,5 mln dollarni tashkil etdi.

Hisobotda plastik chiqindilarni samarali boshqarish uchun infratuzilmani rivojlantirish zarurligini ta’kidlangan. Ayniqsa, poliyetilen, polipropilen va PET uchun qayta ishlash korxonalari sonining ko‘payishi chiqindi poligonlariga tashlanadigan chiqindilar hajmini sezilarli darajada kamaytiradi va qayta ishlashning iqtisodiy rentabelligini oshiradi.

Avvalroq bu yilgi davlat dasturi loyihasida ham 2027-yildan plastik paketlarni ishlab chiqarish, import qilish va ulardan foydalanishni taqiqlash, shuningdek, ekologik xavfsiz (biozararlanuvchi) paketlardan foydalanishni rag‘batlantirish taklif qilingandi. Biroq prezident farmonida bu nazarda tutilmagan.