Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil iqtisodiyot” yili davlat dasturiga muvofiq, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab ta’lim sohasida qator yangiliklar paydo bo‘ladi.
Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) ekologiya sohasida yetakchi universitet etib belgilandi. U “Sirkulyar iqtisodiyot” yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlashni boshlaydi.
Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahrida Green University’ga biriktirilgan “yashil texnikumlar” paydo bo‘ladi.
Davlat universitetlarida “Tabiiy fanlar”, “Muhandislik-texnika yo‘nalishi”, “Iqtisodiyot va moliya” yo‘nalishlari uchun “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil rivojlanish” fanidan o‘quv dasturlari joriy etiladi.
Shuningdek, grant o‘rinlarini bosqichma-bosqich oshirish hisobiga aniq va tabiiy fanlar, muhandislik-texnika, xizmatlar va tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha davlat buyurtmalari uchun kvotalar miqdorini 25 mingtaga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi sohasidagi ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qish uchun stipendiya tanloviga 20 tagacha kvota ajratadi.
O‘zbekistonning har bir tumanida (shahrida) bosqichma-bosqich inklyuziv ta’lim talablariga javob beradigan kamida bittadan umumta’lim maktabi faoliyati tashkil etiladi.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 3,5 ming kambag‘al oilalar farzandlarini tayyorlab, oliy ta’lim tashkilotlariga belgilangan tartibda grant asosida qabul qilish ishlari tashkil etiladi.